«O‘zbek klassikosi»: chempionlik poygasida muhim to‘qnashuv
Bugun, 23-oktabr kuni Superliganing 25-turi doirasida yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Toshkentda «Paxtakor» va «Neftchi» o‘rtasida o‘zbek futbolidagi an’anaviy raqobat — «O‘zbek klassikosi» bo‘lib o‘tsa, «Buxoro» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qiladi. Har ikki bahs soat 19:00 da boshlanadi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Farg‘onaning «Neftchi» klubini qabul qiladi. «Paxtakor» stadionida boshlanadigan uchrashuvning ahamiyati shundaki, jamoalar chempionlik poygasidagi asosiy raqiblardan hisoblanadi.
Hozirda chempionatimizda «Neftchi» 55 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Paxtakor» esa 53 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Shu bois bugungi to‘qnashuv natijasi chempionlik uchun kurashdagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu o‘rinda jamoalar o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvlar tarixiga nazar tashlashni lozim ko‘rdik. Chempionatlar doirasidagi 63 ta bahsning 31 tasida toshkentliklar g‘alaba qozongan, 10 ta o‘yin durang bilan yakunlangan, 22-marta esa «Neftchi» zafar quchgan. «Paxtakor» bu uchrashuvlarda 104 ta gol urgan bo‘lsa, farg‘onaliklar 71-marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
Chempionlik poygasiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi kutilayotgan mazkur uchrashuvni bosh hakam Firdavs Norsafarov boshqarib boradi. Toshkentdagi «O‘zbek klassikosi» nafaqat ikki tarixiy raqibning nufuzi, balki Superliga chempionligi taqdiri nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi.
Darvoqe, kuni kecha O‘zbekiston Superligasining 25-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Bunyodkor» 2:1 hisobida «Mash’al» ustidan g‘alaba qozondi.

Toshkentdagi «Lokomotiv» stadionida o‘tkazilgan bahsda hisobni 11-daqiqada Zafar Akramov ochdi. 18-daqiqada Islom Anvarov muvozanatni tikladi. 33-daqiqada esa Shamsiddin Tursunmahammadov «Bunyodkor»ga g‘alaba keltirgan golni urdi. Har ikki golli uzatmani Amir To‘raqulov amalga oshirdi.
«Bunyodkor» ushbu g‘alabadan keyin 26 ochko bilan 13-o‘ringa ko‘tarildi. «Mash’al» esa 4 ochko bilan 16-o‘rinda qoldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA