O‘zbek adibasining kitobi Turkiyada chop etildi
O‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi aloqalar yildan yilga rivoj topib borayotganligi quvonarli hol.
Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nargiza Asadovaning «Holva» nomli hikoyalar to‘plami chop etildi. Taqdimotga Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Alparslan Akыnji, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zolari adabiyotshunos olimlar, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining turk filologiyasi kafedrasi professorlari ishtirok etdi.

Ushbu kitob Nargiza Asadovaning Turkiyada chop etilgan ikkinchi kitobi bo‘lib, avvalroq «Mujda» nomli she’rlar to‘plami Istanbul shahrida chop etilgan. Shu yili O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi tomonidan kitob taqdimoti o‘tkazilgandi.
Turon axborot - kutubxonasida o‘tkazilgan taqdimot davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Adhambek Alimbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid adibaning ijodi va yangi chop etilgan kitobi haqida so‘z yuritdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Alparslan Akыnji O‘zbekiston allomalar vatani ekani, shu sababdan turkiyaliklar bu yurtni Ota yurt deb atashlari haqida gapirdi. Yangi O‘zbekiston har sohada rivojlanayotganligi, qardosh xalqlar bundan mamnun ekanliklarini bildirdi. «Holva» kitobi turkcha va o‘zbekchada matbuotdan chiqdi. Bundan keyin ham yangi kitoblarni chop etishda hamkorlik qilishlarini aytib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida Nargiza Asad yangi asarining boshqa asarlaridan farqi, kitobdagi asosiy qahramonlar ayollar, ularning matonati, kecha va bugun qahramonlari bo‘lganliklari uchun o‘zbek va turk ijodkorlariga shirin tuhfa hadya etish niyatida kitobni shunday nomlaganligi haqida gapirdi. Kitobni chop etishda va tarjima qilishda yordam bergan ijodkorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Muxlisa A’zamova,
O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti talabasi