Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.

Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034-yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes ob’ektlari, ta’lim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.
Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi. Yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bog‘laydi.

Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.

Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik ob’ektlar haqida ma’lumot berildi.
