Ozarbayjon O‘zbekiston bilan hamkorlik tarafdori
O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari har doimgidan-da mustahkamlandi. O‘zbekiston faqat geografik jihatdangina Markaziy Osiyoning yuragi hisoblanmaydi, balki mintaqadagi eng muhim figuradir, uning ishtirokisiz hech bir masalani hal qilib bo‘lmaydi.
Janubiy Kavkaz mintaqasida Ozarbayjon O‘zbekistonning asosiy sherigi hisoblanadi. Bu geosiyosiy va geoiqtisodiy jihatdan juda muhim. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda davlatlarimiz orasida o‘zaro siyosiy ishonch qaror topgan, ikkala davlat ham xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab kelmoqda. Ozarbayjon va O‘zbekiston – hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmagan va mustaqil siyosat yuritadigan sobiq sovet makonidagi yagona davlatlardir. Har ikki mamlakatda siyosiy barqarorlik hukm surmoqda. Mamlakatlarimiz bozor iqtisodiyotini rivojlantirish bilan bog‘liq islohotlarni chuqurlashtirish sari yo‘l olgan.
Ozarbayjonning amaldagi davlat rahbari, marhum Haydar Aliyev boshlab bergan sharafli yo‘lning davomchisi Ilhom Aliyev azaliy aloqalarimizni yanada rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratib kelayotir. Buning amaliy samarasi o‘laroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjatga erishildiki, ushbu bitimlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ozarbayjon doim O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyorligini namoyon qilib kelgan, chunki intilishlarimiz xalqlarimiz manfaatlarini ta’minlash, taraqqiyotga erishishga qaratilgan. Ushbu mavzu biz uchun har dam dolzarb va muhimdir. Hamkorlikning barcha sohalarida – iqtisodiyot, siyosat, parlamentlararo aloqalar, madaniyat va ijtimoiy sohada muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasida yaqin va ko‘p qirrali sheriklik yo‘lga qo‘yilgani ham ushbu ijobiy natijalarga olib keldi. 2022 yilning aprelida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangani ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tizimli va mustahkam aloqalarini mustahkamlash kafolati bo‘lib qolmoqda. Toshkentdagi ahdlashuvlardan keyin parlamentlararo hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilishiga shubha yo‘q.
Men shu o‘rinda parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanayotgani, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatayotganligini alohida tilga olmoqchiman. Biz, deputatlar oldida yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamda boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish vazifasi turibdi. Shuningdek, parlamentlarning mutasaddi qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish, parlament delegatsiyalari o‘zaro tashriflarini kengaytirish ustida ham ishlar olib borilyapti.
O‘zbekiston Ozarbayjonning eng muhim sheriklaridan. Qardosh mamlakat Ozarbayjonni eng og‘ir damlarda ham qo‘llab-quvvatladi, yelkadosh bo‘ldi. O‘zbekiston mamlakatimizning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga hurmat bilan qaradi. Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni barqarorlashtirish bo‘yicha muhim qadamlarni qo‘ydi va bu o‘z navbatida O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mintaqasining salohiyatini sezilarli darajada oshirdi. Davlat rahbari yangi O‘zbekistonning ochiqlik va pragmatizmga asoslangan tashqi siyosatini aniq belgilab berdi. Biz mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ko‘rmoqdamiz. Davlat va jamiyat hayotining deyarli barcha sohalari yangilandi.
Shu bilan birga, Ozarbayjon va O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatining asosiy, hal qiluvchi unsuri – tinchlik, millatlararo va konfessiyalararo bag‘rikenglik, degan bo‘lardim. Ilhom Aliyev ilgari surgan multikulturalizm g‘oyasi Ozarbayjonda har doim turmush tarzi hisoblangan, ozarbayjonlar asrlar davomida boshqa din va madaniyatlarga toqat, hurmat bilan qarashgan, bag‘rikenglik qilishgan, xalqimizga xos ushbu xislat tufayli bugungi kunda islomiy birdamlik va jahondagi madaniyatlararo muloqot sohalarida Ozarbayjonga katta e’tibor qaratiladi. Ozarbayjonda yirik xalqaro tadbirlar – Yevropa o‘yinlari, Islom o‘yinlari, global forumlarning o‘tkazilishi — Ozarbayjon jahon maydonida yuksak nufuzga egaligining isbotidir.
O‘zbekiston ham azaldan bag‘rikeng va millatlararo totuvlik yurti nomi bilan tanilgan. Respublikada 130 dan ortiq millat va elatlar ahillikda kuni kechirayotgani, kam sonli millatlarning tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi, barcha diniy konfessiyalar vakillari o‘z diniy qadriyatlariga amal qilishlariga keng yo‘l berilgani amin bo‘lib turibmiz.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oqilona, uzoqni ko‘zlab siyosat yuritayotganligi tufayli mamlakatda va butun mintaqada tinchlik va barqarorlik mustahkamlanishiga erishilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bordi-keldi, oldi-berdilar ko‘paydi.
Ozarbayjon bilan O‘zbekiston o‘rtasida barcha sohalarda manfaatli hamkorlikka ko‘plab misollar bor. Ammo qadimgi Buyuk ipak yo‘li orqali yuk tashish hajmini oshirishga xizmat qiladigan va mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan transport sohasida hamkorlik zarur. Biz mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilishni mo‘ljallayotgan ekanmiz, davlatlarimiz hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan, «Boku – Tbilisi – Qars» temir yo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Toshkentdagi muzokaralarda kelishib olindi. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladigan bo‘ldi.
Yana bir faktga e’tibor qaratmoqchiman. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yili Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun Bokuga tashrifi va uning doirasida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvi, turkiy dunyo munosabatlari tarixidagi muhim voqea bo‘ldi.
O‘ylaymanki, ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarda yangi ufqlarni ochishda boshqa davlatlar uchun namuna bo‘ladi. Turkiy davlatlarning yaqinlashuvi bir tomondan Tashkilotga a’zo mamlakatlarning qandaydir tarzda haddan ziyod geosiyosiy ambitsiyalar va yaratilayotgan transmilliy loyihalar faoliyatida ishtirok etayotgan boshqa xalqaro kuchlar bosimiga qarshi turishida ko‘mak berayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, global madaniyatning salbiy asoratlari tarqalishi va qadriyatlar yemirilishi jarayoni kechayotgan bir davrda tashkilotga a’zo davlatlar xalqlarining madaniy o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolish juda muhim rol o‘ynaydi.
Ozarbayjonda qardosh O‘zbekiston bilan do‘stlik hamda birodarlikni har tomonlama mustahkamlashga alohida e’tibor bilan qaraladi. Shu sababli bizda o‘zbek xalqi va O‘zbekiston davlatchiligi g‘oyalariga hurmat bilan yondashadi.
Elman NASIROV,
Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati