O‘zA jamoasining yer ostiga sayohati (+video)
Dunyoda kasblar ko‘p. Kimdir ota-onasi kasbini davom ettiradi, kimdir havas qilgan insonlari ortidan ketadi, yana kimdir maktabda bilim bergan ustozlari maslahatiga amal qilgan holda kasb tanlaydi.
Aytishlaricha, konchilik kasbi ham dunyodagi eng xavfli o‘nta kasbning biri sifatida tilga olinar ekan. Yer ostida ishlash, tor yo‘lakchalar va havo tanqisligi sharoitida mineral toshlarni maydalash – bu har kim ham uddalay oladigan mashg‘ulot emas. Shuning uchun ko‘pchilik bu kasbni tanlashda cho‘chiydi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati tizimida faoliyat yuritadigan mutaxassislar ham ayni kasb mashaqqatini yaxshi anglagan holda tanlagan.
“G‘ujumsoy” koni 2009 yildan boshlab o‘zlashtirila boshlangan. Ayni paytda tarkibi oltinga boy bo‘lgan tog‘ jinslari qazib olinayotgan konda 4 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchi faoliyat olib bormoqda. Kon ikkita tik stvol, ya’ni bosh va yordamchi stvollar bilan ochilgan. Bosh stvol orqali qazib olingan foydali qazilmalar yuqoriga yer yuzasiga chiqarilsa, yordamchi stvol esa ishchilarning shaxtaga tushib-chiqishi, asbob-uskunalar, materiallarni tushirib chiqarishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/3vA49sDpml4" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Toza havo oqimi shaxtaga bosh stvol orqali yuboriladi va ishlatilgan havo yordamchi stvollar orqali yer yuziga chiqarib yuboriladi. Konda qiya transport stvoli (NTS) ham mavjud.
O‘zA jamoasi janubiy kon boshqarmasi konchilik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdurazzoq Xudoyorov, “G‘ujumsoy” koni bosh muhandis o‘rinbosari Marat Nuraliyev hamrohligida konchilarning maxsus mashinasida qiya transport stvoli orqali gorizont bo‘yicha 660 metr yer ostiga sayohat qildi.
Birinchi galda konchilarning maxsus kiyimlarini kiyib, mutaxassislardan konda harakatlanish xavfsizligi bo‘yicha ko‘rsatmalar olindi.
Yer qa’riga tushish biroz hadikli, qo‘rquvga soladigan tor, zim-ziyo qorong‘ulik. Mashina chirog‘ining xira yorug‘ligi yer qa’riga singib ketadi. Qorong‘ulikka ko‘zlar tezda moslashadi. Yo‘l-yo‘lakay hamroh-mutaxassislar tosh lahim haqida so‘zlab berdi.
Ma’lumot berishlaricha, 2009 yilning noyabr oyida qazila boshlagan lahim yil oxiriga qadar 110 metrga yetkazilgan bo‘lsa, 2020 yilning yakuniga qadar 25 ming metrga yetkazildi. Lahim qazish ishlari oltin ma’dani qazish ishlari bilan parallel ravishda olib borilyapti. Joriy yilda oltin ma’danni qazish hajmini 750 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yer osti qiya lahimida transport vositasi bir tomonlama harakatlanadi. Ma’lum bir uzunlikda qo‘shimcha lahimlar mavjud. Bu qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport vositasiga yo‘l berish uchun maxsus tayyorlangan. Pastga tushish barobarida qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport bir necha bor ana shu yo‘laklarga “berkinib” keyin yo‘lida davom etishiga to‘g‘ri keladi. Sababi, ulkan mashinalar tosh ortgan holda yer qa’ridan sekinlik bilan tepaga chiqishi oson emas. mashinalarning har biri 20 tonnadan 30 tonnagacha toshni yuqoriga olib chiqa oladi.
Qariyb yarim soat yurgach mashinadan tushib, goh suv kechib, gohida tosh yo‘ldan yurib, shaxta yo‘lini davom ettirish uchun maxsus perforator bilan yer ostidagi qattiq jismlarni burg‘ulayotgan va portlatish ishlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan konchilar oldiga yetib borish mumkin. Ishchilarga yaratilgan sharoitlar, yer ostida tosh qoyalarni teshish va belgilangan yo‘nalish bo‘yicha portlatish jarayoni bilan qiziqdik.
Ishchilar bilan suhbatlashib, shart-sharoitlarni, ish jarayonini kuzatgach, yer osti hayotidan nihoyat yer ustiga – yorug‘likka chiqdik. To‘g‘risi, insonlarning yer ostidagi harakatini kinolarda ko‘rganmiz. Bugun esa NKMK rahbariyati yordami va bevosita tashabbusi bilan o‘zimiz yer ostiga – 660 metr chuqurlikka tushib, konchilar hayoti va ish faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Keyingi manzilimiz “Zarmitan” oltin ma’dan koni bo‘ldi.
Bunyod etilayotgan zamonaviy korxonalar, ijtimoiy ob’ektlar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. 4-gidrometallurgiya zavodining barpo etilishi ham ana shunday yaratuvchanlik yo‘lida olib borilayotgan ishlardan biridir.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, “Zarmitan” oltin ma’dan konlarini o‘zlashtirish va qayta ishlashga mo‘ljallangan investitsion loyihalarning amalga oshirilishi Zarkent qo‘rg‘onida qisqa muddatda 4-gidrometallurgiya zavodini qurish zaruratini keltirib chiqargan. Zavod qurilishi 2009 yilning sentyabr oyida boshlanib, 2010 yilning iyulida tugallandi. Bu kombinat tizimida tez sur’atlar bilan qurilgan yagona zavoddir. 4-gidrometallurgiya zavodida xorijda ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiya va asbob-uskunalar qo‘llanildi. Maydalash Finlandiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy “S-125” rusumli maydalagichda, yanchilgan rudani saralash Germaniya kompaniyasida ishlab chiqarilgan gidrotsiklonlarning avtomatlashtirilgan tizimida amalga oshirilmoqda. Zavod foydalanishga topshirilishi tufayli ilk marotaba mayda oltinlarni gravitatsion saralash Kanadaning “Falkon” kompaniyasida tayyorlangan beshta markazdan qochma gravitatsion apparatlarda intensiv gravitatsiya usulida, tarkibida oltin bo‘lgan boy konsentratlarni sianlash Avstraliyaning “Gekko” kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita qurilma yordamida bajarilayapti. Zavod texnologiyasi noyobligi shundaki, texnologik jarayonlarda Hamdo‘stlik davlatlarida o‘xshashi bo‘lmagan, zamonaviy texnologiya va jihozlar qo‘llaniladi.
Zavod foydalanishga topshirilgandan olti oy o‘tib tog‘ jinslarini maydalash uchastkasi, 2012 yil iyun oyida ikkinchi tegirmon bloki, 2013 yilning fevral oyida sorbsiya bo‘limi ikkinchi navbati ishga tushirildi. Ayni paytda zavodda yuzlab mahalliy kadrlar mehnat qilmoqda.
Navoiy kon metallurgiya kombinati davlat korxonasi bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanoqulovning ta’biri bilan aytganda, zarmitanliklarning faxri bo‘lmish 4-gidrometallurgiya zavodi majoziy ma’noda yuzlab insonlarning tafakkuri, aqlu zakovati, zahmatli mehnati mahsulidir.
Barno Meliqulova,
Abduvali Bo‘riyev,
Yoqubjon Meliboyev (video),
O‘zA