Ovoz berish jarayonlarida deputatlar ham faol
Mamlakatimizning barcha hududidagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Fuqarolar o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanib, yurtimiz ertasi, kelajagimiz ravnaqi uchun ovoz berishmoqda.
Mazkur jarayonlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, parlament quyi palatasi deputati Mavjuda Hasanova Mirobod tumanidagi 113-referendum uchastkasida o‘z siyosiy huquqini amalga oshirdi.
— Bugun mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy tadbir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz umumxalq ovoziga qo‘yildi. Bu jarayonda har birimiz faol qatnashib, bugunimiz va ertamiz uchun ovoz berishimiz lozim.
Ta’kidlash joizki, qariyb 65 foizga yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquq va manfaatlari, inson qadr-qimmati ustuvorlik kasb etayotir. Yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan. Bu esa Bosh qomusimizning chin ma’noda xalq Konstitutsiyasiga aylanishini ta’minlaydi.
M.Komilova, O‘zA