Osiyo o‘yinlari: Sport jamoalarimiz katta kurashga tayyormi?
Mamlakatimiz sportchilarining har to‘rt yilda o‘tkaziladigan “kichik olimpiada” o‘yinlaridagi ishtirokiga nazar tashlasak, 2022-yili Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi medallar soni va sifati bo‘yicha Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etgan edi.Xo‘sh, bu yil Yaponiyada bo‘ladigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ortda qolgan to‘rt yillikdagi natija va ko‘rsatkichlarni takrorlash, qaysidir sport turlarida yaxshilashga erishiladimi?
Hozirgi kunda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, tegishli sport federatsiyalari tomonidan joriy yilning 19-sentabr - 4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi–Nagoya shaharlarida o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida munosib natijalarga erishish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etilmoqda. Mutaxassislar, murabbiylar, ekspertlar ishtirokida tahlillar, monitoring ishlari olib borilmoqda.

Kuni kecha Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, kurash, sport kurashlari, aralash jang va ushu sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalari mutasaddilari bilan birgalikda olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari tahlil qilindi.
Muhokamalar jarayonida sportchilarni nufuzli xalqaro musobaqalarga jismoniy, ruhiy jihatdan puxta tayyorlash, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini samarali tashkil etish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida amalga oshirilayotgan tayyorgarlik jarayonlari xususida mas’ullarning hisobotlari tinglandi, murabbiylar faoliyatini takomillashtirish, seleksiya tizimini kuchaytirish borasida tavsiyalar ilgari surildi.
Muhokamalar yakunida sport federatsiyalari rahbarlariga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, sportchilarning xalqaro maydonlardagi natijadorligini yanada oshirish hamda bo‘lajak Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etishni ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shu o‘rinda bir gap. Mamlakatimiz sportchilari 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida 20 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalga sazovor bo‘lgan edi. 2022-yilgi qit’a o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medal holatida ko‘rsatkichlarimiz yanada yaxshilandiki, yurtimizda keyingi yillarda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish, ommaviy sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar “Aichi-Nagoya-2026” musobaqalari o‘zbek sport solnomasiga yangi muvaffaqiyatlar shamolini boshlab kelishidan dalolatdek, nazarimizda.

Ammo, nima bo‘lganda ham, katta sportda, gigant mamlakatlarning eng kuchli sportchilari, jamoalari bilan shiddatli kurashlarda yuksak marralarni qo‘lga kiritish, eng avvalo tayyorgarlikning yetarli darajada bo‘lishi bilan bir qatorda, omadning peshvoz chiqishiga ham bog‘liq.
Shunday ekan, istagimiz ulkan sinov va imtihon maydoni bo‘lgan Osiyo o‘yinlari “janglariga” chog‘lanayotgan sportchilarimiz, milliy terma jamoalarimizga muvaffaqiyat eshiklari hamisha ochiq bo‘lsin.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA