Osiyo o‘yinlari: Antidoping qoidalariga rioya etish - muvaffaqiyatning muhim omili
Shu kunlarda mamlakatimiz sportchilari joriy yilning 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Qit’amizning 45 ta mamlakati sportchilari ishtirok etadigan musobaqalarga jismoniy va ruhiy hozirlik bilan bir qatorda, antidoping qoidalariga amal qilish, taqiqlangan moddalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish muvaffaqiyatning muhim omili hisoblanadi.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi yurtimiz sportchilarini mazkur kompleks o‘yinlarda doping tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun turli tadbirlar, uchrashuvlar, seminarlar o‘tkazib kelmoqda.
Velosport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bilan o‘tkazilgan navbatdagi seminarda Osiyo o‘yinlarida sportchilar, murabbiylar antidoping qoidalariga qay tarzda amal qilishi xususida so‘z bordi.
Seminar davomida sportchilarning huquq va majburiyatlari, doping nazorati jarayoni, taqiqlangan moddalar va usullar, shuningdek, dori vositalaridan qonuniy foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, musobaqalar oldidan har qanday preparatni qabul qilishdan avval uning antidoping talablari nuqtai nazaridan xavfsizligini aniqlash zarurligi qayd etildi.
Bunday seminarlar sportchilarning antidoping savodxonligini oshirish, qoidabuzarliklarning oldini olish va xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini halol raqobat asosida munosib himoya qilishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA