Orzulari ushalayotgan Gulruxsorabegim
Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar safida Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakulteti 4-bosqich talabasi Gulruxsorabegim Abdusaidova ham bor.
Gulruxsorabegim bolalikdan tevarak-atrofga o‘ta qiziquvchan bo‘lib ulg‘aydi. U Termiz shahridagi 3-maktabga ilk qadam tashlagan yildayoq ziyrakligi, ilmga chanqoq va yaxshi xulqi bilan ustozlar e’tiborini tortdi. O‘qishdagi muvaffaqiyatlari va namunali xulqi uchun maktabni “A’lo darajali shahodatnoma” hamda “Oltin medal” bilan tugatdi. O‘sha yili Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoiy odil sudlov fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.

Ustozlari va tengdoshlari uni ilm-fanga qiziquvchi, izlanuvchan va iste’dodli qiz, deya ta’riflaydi. O‘quvchilik yillaridan huquqshunoslik va xorijiy tillarga juda qiziqqanini eslaydi.
Davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lgan talaba qizning ana shunday ajoyib fazilatlari o‘tgan yillarda uning qator respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan nufuzli bellashuvlar, musobaqa va tanlovlarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallashiga qulay imkoniyat yaratdi. Ayniqsa, o‘tgan yil Gulruxsorabegim uchun yutuqlarga boy bo‘ldi. Masalan, u Niderlandiyaning Gaaga shahrida o‘tkazilgan “IBA International Criminal Court Moot Court Competition 2024” xalqaro musobaqasida xalqaro jinoiy huquq sohasidagi yozma ishi uchun 100 ballik imkoniyatdan 93 ballni qo‘lga kiritib, xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi. Yaponiyaning Nagoya universitetiga 2024 yilgi bahorgi semestrni o‘qish uchun tanlovda qatnashib, yuridik universiteti talabalari orasidan chet elga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilingan yagona vakila bo‘ldi. Yaponiyada o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, Nagoya universitetining xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Germaniyaning Regensburg universitetiga o‘tgan yil kuzgi semestr o‘qishi uchun e’lon qilingan tanlovda Gulruxsorabegim Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari o‘rtasida yana g‘oliblikni qo‘lga kiritib, grant asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, Germaniya davlati Berlin shahridagi Buyuk Britaniyaning konsulligida tashkil etilgan “International English Language Testing System (IELTS)” xalqaro imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, 8.0 (S1) darajali IELTS xalqaro sertifikatini oldi.
AQSHning dunyo reytingida kuchli 100 talikdan joy olgan “PennState Dickinson Law” universitetiga 2025-2026 o‘quv yili magistraturasida ta’lim olish uchun e’lon qilingan xalqaro tanlovda 45 ming dollarlik grant yutib olib, nufuzli oliy ta’lim dargohiga o‘qishga qabul qilindi.
Shu yil 22 yoshni qarshi olgan Gulruxsorabegimning ingliz, yapon, rus va nemis tillarida bemalol so‘zlasha olishiga ham tengdoshlari o‘zgacha havas bilan qaraydi.
Bu izlanuvchan, ilmga chanqoq talaba qizning erishgan yutuqlarining ayrimlari, xolos. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida uning Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangani Gulruxsorabegimni yanada ko‘proq o‘qib, izlanishga, Yangi O‘zbekistonda yoshlar, shu jumladan, xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarni dunyoga yanada keng tarannum etishga undaydi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining yana bir ibratli xislati bor. Talabalarning yozgi ta’til kunlarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Termiz shahrida bo‘lib, yosh avlodning huquqiy ong va bilimlarini oshirish bilan shug‘ullanadi. Shu maqsadda u Termiz shahridagi Bog‘zor mahallasida “Huquqiy madaniyat” to‘garagini tashkil etgan. Har yil yozda bu to‘garak o‘quvchi-yoshlar bilan gavjum bo‘ladi.
Bu yil ham mamlakatimizdagi bir guruh iste’dodli, iqtidorli qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanib, bu e’tirof ularning qalbidagi ulug‘ orzulariga yangi qanot bag‘ishladi. Zimmalariga yanada mas’uliyatli va sharafli vazifalarni yukladi. Bunday ezgu yo‘lda Gulruxsorabegimga omad tilaymiz.
Nilufar Bozorova,
O‘zA muxbiri