Orzular ushaldi: Har kunning o‘z tongi bor (+video)
Jizzaxlik Dilfuza Yusupova boshidan ne qiyinchiliklar o‘tmadi.
Jizzaxlik Dilfuza Yusupova boshidan ne qiyinchiliklar o‘tmadi. Hammasiga bardosh berdi, sabr qildi.
...Eri to‘rt farzandi bilan ko‘chaga haydadi. Tug‘ishganlariga “og‘ir yuk” bo‘lishni istamagan opa bolalari bilan ko‘p yillar ijara uylarda yashab yurdi, tinimsiz mehnat qildi. Ulg‘ayib kelayotgan to‘rt farzandni yedirib-ichirish, ta’lim-tarbiya berishning o‘zi bo‘ladimi, axir. Uysiz yashash, ijarama-ijara sarson yurish, tegishli tashkilotlarga boshpana so‘rab qilingan murojaatlarning javobsiz qolishi opaning qaddini bukdi, lekin irodasini sindira olmadi, umidi so‘nmadi.
Dilfuza opaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga yo‘llagan birinchi murojaatiyoq tegishli tashkilotlar tomonidan e’tiborga olinib, yangi uy ajratildi.
– Inson dunyoga kelib, bir olam orzular bilan ulg‘ayadi. Ayniqsa, qiz bolaning orzulari samolarni tutar ekan, – deydi endilikda Jizzax shahar “Zilol” MFYdagi o‘z uyida yashayotgan D.Yusupova. – Afsuski, taqdir har doim ham istaklarimizga xayrixoh bo‘lmas ekan. 11 yil birovlarning uyida yashadik. Har qancha urinmay, 4 farzandim bilan tortgan “ko‘ch-ko‘ch”larning zahrini tushuntirib berolmayman. Olloh nolamni eshitdi, davlatimiz qo‘llab-quvvatladi – men va menga o‘xshagan turmush aravasini yolg‘iz tortayotgan ayollar uyli-joyli bo‘ldi.
Qurilish vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizda 2017-2019 yillarda 17 mingga yaqin uy qurilib, foydalanishga topshirilgan. 2019 yilning o‘zida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 ming oilaga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi.
“O‘zshahar qurilish invest” IK tomonidan 2017-2019 yillarda 1007 ko‘p qavatli arzon uy-joy bunyod etildi. Mamlakatda yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda. Viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi. Davlat banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida mablag‘larni auksionlar orqali ajratadi. Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan subsidiya taqdim etiladi.
bugungi kunda uylarning narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallarini keng qo‘llash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Loyihalarda, zamonaviy qurilish materiallari, jumladan gazobeton, penoblok, kompozit materiallardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matluba Daliyevaning ko‘zi ojiz. Shunga qaramay singlisi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan voyaga yetmagan ukasini qaramog‘iga olgan. O‘zi esa Jizzax shahar 10-umumta’lim maktabida musiqa madaniyati fanidan dars beradi.
– Baxtni har kim turlicha tushunadi. Men uchun eng baxtli inson o‘z uyi bor kishidir, – deydi Matluba opa. – Inson qiyinchiliklardan cho‘chimay, maqsad sari intilsa, albatta, niyatiga yetar ekan. Uysiz sarson-sargardonlikda yashash qanday azob ekanini hamma ham tushunavermaydi. Boshimga tushgan tashvishlarni aytsam, hech kim ishonmaydi. Shukur, hammasi ortda qoldi. Lekin og‘ir damlarda ham tushkunlikka tushmadim. Ko‘chada qolib ketgan kunlarimiz ham bo‘ldi. Mana, endi bizning ham o‘z boshpanamiz bor.
Birgina Jizzax viloyati misolida e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2019 yilda og‘ir turmush sharoitida yashovchi 409 xotin-qizga uy-joy berilgan. 110 xotin-qizga Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 1 milliard 645 million 400 ming so‘m miqdorida uy-joyning 10 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lov amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Jizzax shahrida 6 ta 7 qavatli 236 xonadonli, Sharof Rashidov tumanida 11 ta 4 qavatli 264 xonadonli uylar qurilishi davom etmoqda.
– Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i, Senat a’zosi Nazira Muxtorova. – Viloyatimizda keyingi yillarda 3 ming 500 ga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlandi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga ipoteka krediti asosida imtiyozli uy-joylar ajratildi. Joriy yilda kam ta’minlangan oilalar uchun 154 xonadonli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Albatta, bu ishlar davomli bo‘ladi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/DC07PXG8xHY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA