Orzular sari izlanayotgan yoshlar
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi, Andijon davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti, Andijon san’at texnikumi, ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati hamda bolalar musiqa va san’at maktablari hamkorligida Andijon shahridagi “Jome” me’moriy majmuasida mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali” haftaligi doirasida tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazma ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Rasuljon Ismanov va boshqalar mamlakatimizda ijodkor yoshlarning puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va iste’dodlarini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi, xususan, “Xalqaro tasviriy va amaliy san’at haftaligi” doirasidagi tadbirlar ishtirokchilarning ijodiy salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlariga keng imkoniyatlar eshigi ochib berayotganligi haqida so‘z yuritdi.
Ko‘rgazmada ishtirokchilar o‘zlarining Vatan, istiqlol, tarixiy obidalar, tabiat go‘zalliklari, qahramon zamondoshlarimiz va boshqa turli mavzulardagi rang-barang rasmlari, amaliy san’at asarlari bilan ishtirok etdi.
– Ko‘rgazmada milliy ko‘rinishdagi haykaltaroshlik asarlarim bilan ishtirok etyapman, – deydi Andijon davlat universiteti Tasviriy va amaliy san’at fakulteti 1-bosqich talabasi Azizaxon Abdurahmonova. – Tasviriy san’at haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazma men kabi yosh haykaltarosh va musavvirlar uchun tajriba va mahorat maktabiga aylandi.
Ko‘rgazmada taniqli musavvir Murod Umar, Andijon davlat universiteti tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishi talabasi Muhammadjon Adhamjonov, Andijon davlat pedagogika instituti tasviriy san’at yo‘nalishi talabasi Sarvinoz Abdullayeva, Buloqboshi tumanidagi 14-son musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Mehribon Sharobiddinova, E’tibor Oybekova singari ijodkorlarning ijodiy ishlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
– Yurtdoshlarimiz, tengdoshlarim ijodiy ishlarimizdan zavq olsa, xursand bo‘laman. Kelajakda mashhur rassom bo‘lish, tasviriy san’at yo‘nalishida xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashib, yurtimiz shuhratini yuksaklarga ko‘tarishni maqsad qilganman. Buning uchun bugun puxta bilim olib, ustozlarimdan tasviriy san’atning o‘ziga xos, nozik jihatlarini puxta o‘rganishga, turli ko‘rgazma va tanlovlarda faol ishtirok etishga harakat qilyapman, – deydi Buloqboshi tumanidagi 14-son musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Mehribon Sharobiddinova.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan tasviriy san’at, shu bilan birga, amaliy san’at, haykaltaroshlik, xattotlik yo‘nalishlaridagi aksariyat ijodiy ishlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Shu bilan birga ustoz-shogird an’analari asosida taniqli rassomlar yoshlarga o‘z tajribalarini o‘rgatib, mahorat saboqlari o‘tkazdi.
Mazkur ko‘rgazmalar hafta oxiriga qadar davom etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.