Orzu – tarixiy yuksalish uchun ilhom manbai
Azaldan insoniyat, sayyoramizdagi xalqlar, sivilizatsiyalar doimo azaliy orzusi – mukammal, adolatli jamiyat, erkinlik va tenglik, urushsiz dunyo sari intilib keladi.
Bunday tasavvur mohiyatan tarixiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo‘ladi. Sotsiolog-faylasuf Maks Veber ta’kidlaganidek, ijtimoiy harakat mudom jamiyat evolyutsiyasi yo‘nalishini shakllantiruvchi ma’no va qadriyatga tayanadi. Aynan shu jarayon orqali insoniyat yutug‘i yoki muvaffaqiyatsizligini baholab, o‘z mavjudligiga ma’no bag‘ishlaydi.
Intilish tarixiy taraqqiyot quvvatidir. Zero, kishi hamisha nimadir o‘zgarish kutadi, ijtimoiy tuzumning yanada mukammal shaklini qidiradi. Shu nuqtai nazardan 2025-yil Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tuzilgan sana nishonlanishi alohida ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi. Shu tariqa tarixga yana bir bor yuzlanish, 1945-yil BMT Nizomida muhrlab qo‘yilgan global maqsadni qayta baholash uchun muhim sabab paydo bo‘ldi.
Urushdan keyingi dunyo tartiboti va “Uzoq tinchlik” fenomeni
Ikki jahon urushi dahshatini boshdan kechirgan davlatlar o‘shanda yangi, yanada adolatli dunyo tartibiga asos solishga muvaffaq bo‘lgandi. Ya’ni, BMT maqsad va tamoyilida mujassamlashgan o‘ziga xos “insoniyatning umumbashariy orzusi” shakllantirildi. Ayni konseptual yondashuv zamirida kelajakda urushlarning oldini olish, xalqaro huquqqa hurmatni qaror toptirish va inson erkinligini kengaytirish g‘oyasi yotardi. Bu qarash markazida shaxsning qadr-qimmati, huquqi va erkinligi turardi.
Ushbu kelishuv natijasi o‘laroq, mamlakatlar bag‘rikenglik ko‘rsatish va xalqaro xavfsizlikni saqlash yo‘lida sa’y-harakatni birlashtirish majburiyatini oldilar. Qurolli kuch faqat umumiy manfaat yo‘lida qo‘llanishi mumkinligi e’lon qilindi. BMT Nizomi qabul qilinishi dunyo xarobazorga aylangan bir paytda barchaga umid bag‘ishladi. Bu voqea yangi bir davr boshlanishini anglatuvchi burilish nuqtasi o‘laroq, inson huquqini tasdiqlash, xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbolini ochib berdi.
Tarix guvoh: urushdan keyingi ko‘p tomonlama kelishuvlar salmoqli tarixiy meros qoldirdi. Millionlab inson hayoti saqlab qolindi, asosiysi uchinchi jahon urushining oldi olindi. Global tinchlik saqlanishi ijtimoiy va barqaror rivojlanish uchun poydevor vazifasini o‘tadi. Xalqaro hamjamiyat urushdan keyingi yillardan XXI asr boshiga qadar davrni betartiblikdan institutsional, ma’lum darajada oldindan aytish mumkin bo‘lgan dunyo tartibiga o‘tish bosqichi deb biladi. Aynan shu payt liberal xalqaro tartibot shakllanib, BMT, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki kabi tuzilmalar mustahkamlandi. G‘arb ilmiy an’analarida ko‘pincha “sovuq urush” sifatida ta’riflanadigan bu davr buyuk davlatlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv kuzatilmagan, nisbatan barqaror bosqich sifatida e’tirof etiladi. Aynan o‘sha yillari tiyib turish tizimi va “uzoq tinchlik” – “Long Peace” konsepsiyasi shakllandi. Bu jarayonga parallel ravishda dekolonizatsiya va globallashuv yuz berdi: imperiyalar quladi, jahon iqtisodiyotida o‘zaro bog‘liqlik kuchaydi.
Zamonaviy geosiyosiy tebranish va global xavfsizlik inqirozi
Bugun esa insoniyat yana tarixiy chorrahaga kelib qoldi. Xalqaro munosabatlar “tarixiy sinish” – tebranish, noaniqlik va shiddatli o‘zgarish davriga qadam qo‘ydi. Zamonaviy tahdid ko‘lam jihatidan 1945-yildagi xavf-xatar bilan qiyoslanadigan darajaga yetdi.
Zamonning asosiy xususiyatiga quyidagicha ta’rifberish mumkin:
Yangi, yanada keskin va beqaror geosiyosiy hamda geoiqtisodiy voqelik shakllanishi.
Yirik davlatlar o‘rtasidagi ishonch inqirozi chuqurlashib, muloqot tizimi izdan chiqishi.
Ziddiyatni kuch bilan hal qilishga urinish global xavfsizlik asosiga putur yetkazishi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda davlatlar ishtirokida oltmishdan ortiq nizo mavjudligi, urushlardan o‘n bittasi keng ko‘lamli ekani.
Sayyora aholisining chorak qismi beqaror hududda yashayotgani, 120 million odam uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgani.
Iqtisodiy nomutanosiblik ham xavotirli. Harbiy xarajat shiddat bilan o‘sib, 2025-yilga borib 2,7 trillion dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Agar hozirgi sur’at saqlanib qolsa, 2035-yilga kelib bu miqdor ikki barobar oshishi mumkin. Holbuki, harbiy sarfning atigi bir necha foizini qayta taqsimlash orqali ocharchilik muammosini hal qilish, bolalarni emlash yoki rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga moslashishida yordam berish mumkin bo‘lar edi. Hozir zamonaviy xalqaro tizim chuqur inqirozga yuz tutgani haqidagi fikrlar tobora ko‘proq yangramoqda. Tahlilchilar liberal tartib yemirilishi, global boshqaruv inqirozidan so‘zlamoqda. Dunyo ko‘p qutblilik sari jadal harakatlanib, bu jarayon qadriyatlar va institutlar raqobati bilan kechmoqda.
Global tartibotning raqobatdosh usullari va yetakchilar paradigmasi
Zamonaviy dunyo tartiboti me’morchiligiga oid yagona qarash haligacha mavjud emas. Jahon yetakchilari zamonaviy xalqaro tizim chuqur inqirozni boshdan kechirayotgani borasida yakdil fikrda. Mavjud tartib kuchlarning haqiqiy muvozanatini aks ettirmaydi va jiddiy islohot talab etadi, mazmunidagi xulosa keng tarqalmoqda. Kelajak dunyo tuzilishiga oid qarashlar bir-biridan farqlanib, global tartibotning raqobatdosh modellarini shakllantirmoqda:
Liberal model himoyachilari. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ko‘p tomonlama munosabat va xalqaro huquqqa asoslangan mavjud tizimni saqlab qolish hamda moslashtirishga intilmoqda. Bunday mantiqqa ko‘ra, islohotlar evolyutsion xususiyatga ega bo‘lishi zarur. Xususan, Emmanuel Makron va Jorja Meloni ko‘hna qit’aning strategik avtonomiyasi g‘oyasini ilgari surmoqda.
Real paradigma. Donald Tramp yondashuvi asosini milliy suverenitet va davlat manfaatining global majburiyatdan ustun qo‘yilishi tashkil etadi. Ayni yondashuvda dunyo universal me’yor tizimi emas, balki pragmatik kelishuv maydoni sifatida talqin qilinadi.
Suveren-ko‘p qutbli dunyo konsepsiyasi. Vladimir Putin va Si Szinpin izchil ilgari surayotgan bu model talqinicha, xalqaro huquq tizimiga G‘arbga yo‘naltirilgan dunyo tartibini o‘rnatishga intilish tufayli putur yetgan. Putin fikricha, bunday uslub nafaqat adolatsiz, balki tarixan yashovchan emas. U BMT roli zaiflashuvi “kuch huquqi”ga qaytishga olib kelishini ta’kidlaydi. Si Szinpin ham davlatlarning suveren tengligi tamoyilini mustahkamlash lozimligini qayd etadi.
Global Janub va inklyuzivlik. Narendra Modi, Rejep Tayyip Erdog‘an, Mas’ud Pezeshkiyon kabi yetakchilar mavjud institutlarni yangi reallikga moslashtirish tarafdori. Ularning yondashuvi yanada adolatli va inklyuziv dunyo tartibini shakllantirishga qaratilgan. Asosiy maqsad – BMT Xavfsizlik Kengashini isloh qilish.
“Samarqand birdamlik tashabbusi” pragmatik yechim sifatida. Mavjud ziddiyatlar asnosida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning pozitsiyasi va global hamkorlikka doir yangi yondashuvlari alohida qiziqish uyg‘otadi. Putin Mirziyoyevning yuksak siyosiy obro‘ga ega, keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirayotgan yetakchi sifatidagi faoliyatini doimiy ravishda yuqori baholab keladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi” davlatlarni ochiq va inklyuziv muloqotga jalb etish, ishonch taqchilligini yengib o‘tishga yo‘naltirilgan. Mazkur tashabbusning mohiyati o‘zaro anglashuvni targ‘ib qilish va zamonaviy tahdidlarga birgalikda javob qaytarishdan iborat. Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati ochiqlik va teng huquq tamoyiliga asoslangan. “Samarqand ruhi” o‘zaro hurmat va xavfsizlik ajralmasligi falsafasi sifatida global kelishuvlar uchun asosiy mezon vazifasini o‘taydi. Bu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil chuqurlashtirish niyatini ko‘zlagan. Dinlararo ziddiyat kuchayib borayotgan sharoitda bag‘rikenglik, totuvlik kabi qadriyatlar ilgari surilishi juda dolzarb.
Xulosa
Nazariy jihatdan mazkur murakkab geosiyosiy vaziyatni xalqaro munosabatning turli ko‘rinishlari – liberalizm, realizm va neorealizm, shuningdek, S.Xantington ta’riflagan sivilizatsiyaviy yondashuvning to‘qnashuvi sifatida talqin qilish mumkin. Frensis Fukuyama ta’kidlaganidek, liberal tartibot inqirozi amaldagi qoida batamom yo‘q bo‘lib ketishini emas, balki o‘zgarayotgani, yangi sharoitga moslashayotganini anglatadi. Karl Shmidt ruhidagi nazariy o‘lchovda esa sodir bo‘layotgan voqeani fundamental siyosatning – manfaat va taraqqiyot usullari ziddiyatiga qaytish sifatida ko‘rish mumkin.
Xulosa shuki, xalqaro tizim rivojlanishining hozirgi bosqichi shunchaki inqiroz emas, balki kelgusi dunyo tartibotining turli modellari o‘rtasidagi raqobatdir. Insoniyat azaliy orzusi – tinchlik va barqarorlikka erishish yo‘lida ishonchni mustahkamlash va xalqaro huquqni hurmat qilish uchun doimiy sa’y-harakat talab etiladi. Oxir-oqibat, insoniyat maqsadiga erishish davlatlar va yetakchilarning siyosiy irodasiga, tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi tanlovni amalga oshirishga tayyorligiga bog‘liqdir. XXI asr dunyosi qanday bo‘lishi aynan mamlakatlarning qarama-qarshilikni yengib o‘tib, hamkorlik yo‘lini tanlay olish qobiliyatiga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Gulhayo Barnoyeva,
Barqaror rivojlanish markazi eksperti