Orzu-intilishlari mushtarak xalqlarmiz
Yaqindagina Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari san’at, adabiyot, do‘stlik bayrami sifatida ikki mamlakat ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Ushbu loyihaning ahamiyati xususida ikki davlat ommaviy axborot vositalarida iliq va samimiy fikrlar bildirilmoqda. Uchrashuv va muloqotlarda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlarida qatnashgan ijodkor ziyolilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Mahmud Toirning mazkur madaniy loyiha xususidagi fikrlari bilan qiziqdik:
–Yaqindagina Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlari ozar xalqining madaniyat va san’at bilan birga adabiyotga, she’riyatga oshno ekanini ham yaqqol ko‘rsatdi. Mingdan ortiq tomoshabinli zalda bo‘lib o‘tgan musiqiy tadbir barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Ikki xalqning do‘stligi, birodar va yaqinligini tarannum etuvchi she’rni o‘zbek va ozarbayjon tillarida o‘qib berganimizda ozar muxlislarining she’riyatga bo‘lgan mehri, intiqligi, ehtiromini yaqqol sezish mumkin edi. Sababi qardoshlarimizning adabiyotga, she’riyatga ixlosi juda baland ekan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tashabbusi har tomonlama hamkorlik eshiklarini ochib berdi. Bir-birimizning madaniyatimizga, adabiyotimizga chanqoq ekanimiz yaqqol sezildi. O‘zbekcha yangragan she’rlardagi har bir so‘zimizni diqqat bilan tingladilar.
O‘tgan yili 9 sentyabrda TURKSOY tashkiloti rahbari Sulton Rayev tomonidan xalqimizning ardoqli shoiri Sirojiddin Sayyidga "Chingiz Aytmatov" medali, kaminaga esa "Nizomiy Ganjaviy" medali topshirilgan edi. Shunda Nizomiy Ganjaviydek tabarruk zotning qabrini ziyorat qilishni dilga tukkandim. Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida Ganja shahriga borish, Ganjaviy hazratlarining qabrini ziyorat qilish nasib etdi.
Nizomiy Ganjaviy muzeyi, 13 ming gektarli Milliy bog‘da bo‘ldik. Atoqli Ozarbayjon shoiri, dramaturgi, jamoat arbobi Samad Vurg‘un qabrini ziyorat etdik.
O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon kitobxonlari ushbu asarga katta qiziqish bildirdilar. Ayni paytda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining spektakllari juda ko‘tarinki ruhda kutib olindi.
Bugun Ozarbayjon Respublikasi bilan madaniy -ma’rifiy, adabiy aloqalarimiz mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Bunda har ikki qardosh mamlakat rahbarlarining tashabbuslari, siyosiy irodasi, xalqlarimizning orzu-intilishlariga hamohangligi bilan diqqatga sazovordir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi