Orolbo‘yida “Mustaqillik to‘yi” festivali
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini keng miqyosda nishonlash maqsadida bayramga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar butun yurtimiz bo‘ylab boshlab yuborildi.
Olis ovullardan tortib, shahar va tuman markazlarigacha bayram nafasi kirib kelib, xalqimizga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
Ana shunday tadbirlarning davomi sifatida “Bir Vatan, bir xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak quramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan “Mustaqillik to‘yi” festivalini qayd etish mumkin.

Nukus shahrida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni festival o‘tkazilishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, butun mamlakatimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan festival ham xalqimizni yagona maqsad yo‘lida birlashtiradigan chinakam madaniy-ma’rifiy tadbirga aylandi. Jumladan, tadbir kunlari taniqli adabiyot va san’at namoyandalari, ijodkorlar hamda san’atkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, ma’rifiy suhbatlar va madaniy dasturlar tashkil etildi. To‘rt kun davom etgan festival doirasidagi tadbirlarga yoshlar, ziyolilar, mahalla faollari, nuroniylar, pedagoglar, ijodkorlar, tadbirkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari jalb etildi. Albatta, bunday tadbirlar mustaqilligimizning 35 yilligini keng nishonlayotgan xalqimizga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Qoraqalpog‘istonning chekka hududlaridan biri Bo‘zatov tumani “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘inida ham “Mustaqillik to‘yi” festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Unda hudud aholisi, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari faol ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Mustaqilligimizning 35 yilligini keng nishonlash, Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Bayram tadbiri tuman madaniyat bo‘limi xodimlari tomonidan tayyorlangan bayram konsert dasturi bilan yakunlandi.
Orolbo‘yida yuqori saviyada o‘tkazilgan festival ishtirokchilarga unutilmas taassurot ulashib, Mustaqillik bayramining shukuhi va tantanasini yanada oshirdi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri