Oqsuvdagi yangi GESlar: energetik barqarorlik sari muhim qadam
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, gidroenergetika salohiyatini oshirish va aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada daryolar suv oqimidan oqilona foydalanish orqali yangi gidroelektr stansiyalarini barpo etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday loyihalardan biri Qashqadaryo viloyatidagi Oqsuv daryosida amalga oshirildi. Bu yerda umumiy quvvati 24 megavatt bo‘lgan uchta yangi gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi. Mazkur loyihalarning ahamiyati va samaradorligi haqida "O‘zbekgidroenergo" AJ axborot xizmati rahbari Hulkar Jo‘rayeva quyidagilarni gapirib berdi:
— Mamlakatimizda gidroenergetika sohasini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. 'O‘zbekgidroenergo" AJ tomonidan ham bu yo‘nalishda bir qator istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Ularning navbatdagilaridan biri Qashqadaryo viloyatidagi Oqsuv daryosida barpo etilgan uchta yangi gidroelektr stansiyasi bo‘lib, ular kuni kecha foydalanishga topshirildi.
Mazkur investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-avgustdagi 497-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Yangi gidroenergetika majmuasi tarkibidan quvvati 6,2 megavatt bo‘lgan "Rabot GES", 7,5 megavatt quvvatga ega "Chappasuy GES" hamda 10,3 megavatt quvvatli "Tamshush GES" o‘rin olgan. Ularning umumiy quvvati 24 megavattni tashkil etadi.
Mazkur stansiyalar Oqsuv daryosining gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish va hudud energetik infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Loyihaning iqtisodiy va ekologik samaradorligi ham salmoqlidir. GESlar kaskadida yiliga o‘rtacha 105,1 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning natijasida har yili qariyb 31,5 million kub metr tabiiy gaz hamda 45-50 ming tonna ko‘mir resurslarini tejash imkoniyati yaratiladi. Bu esa an’anaviy yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, Oqsuv daryosida barpo etilgan yangi gidroelektr stansiyalari yiliga qariyb 44 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Bu kabi loyihalar aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish, hududning energetik barqarorligini mustahkamlash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtai nazardan, Oqsuv daryosida yangi GESlarning ishga tushirilishi nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va an’anaviy yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan muhim qadamdir. Bunday loyihalar mamlakatimizda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va hududlarning energetik barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA