Oqqan daryo yoki Iosif Kobzon iqrori va...
... Chingizxon qanchalik qonxoʻr boʻlmasin, Shayx Najmiddin Kubroni ming nafar muridi bilan Xorazmdan chiqib ketishini va shu bilan joni omon qolishini soʻrab odam yoʻlladi.
... Chingizxon qanchalik qonxoʻr boʻlmasin, Shayx Najmiddin Kubroni ming nafar muridi bilan Xorazmdan chiqib ketishini va shu bilan joni omon qolishini soʻrab odam yoʻlladi. Ulugʻ shayx Qoraqum choʻllarini kechib, Buxoro, undan janub tomon juftakni rostlashni xayoliga ham keltirmadi. Bir paytlar ustozi, qaynotasi Shayx Roʻzbehon “Xorazmga borasan”, deganida, sal oyogʻi tortmay turgan shayx endi Xorazm elini tashlab ketishni xayoliga ham keltira olmadi...
Pahlavon Mahmudning kuragi yer koʻrmagan edi. Bir kun hindistonlik mashhur polvon bilan kurash tushadigan boʻldi. Kurashdan bir kun oldin ibodatxonada sajdaga bosh qoʻygan Mahmudning qulogʻiga ittifoqo ayol kishining sasi keldi. Ayol: “Ey Tangrim! Xorazm elidan bir polvon kelibdi, kuragi yer koʻrmagan, buning ustiga, musulmon ekan. Ertaga shu polvon oʻgʻlim bilan kurash tushadi. Agar u oʻgʻlimni yengsa, bizning ahvolimiz ne kechadi? Hind Rojasi beradigan doimiy maoshdan bebahra qolamiz va ahvolimiz zabun boʻladi-ku...” deya nola qilardi.
Ertasi kuni tumonat odam, Xorazm shohi va Hind Rojasi koʻz oʻngida kurash boshlanadi.
Pahlavon Mahmud davra aylanib-aylanib, odatdagidek raqibini boshi uzra dast koʻtaradi...
Buni koʻrgan olomon junbishga keladi. Xorazm shohining yuzi porlaydi, hind Rojasi sarosimaga tushib qoladi.
Ana shunda Pahlavon Mahmudning qulogʻi ostida kechagi ayolning ovozi yangray boshlaydi... Alqissa, Mahmud raqibining kuragini yerga bosish oʻrniga oʻzi uning qarshisiga tiz choʻkadi.
Bu Pahlavon Mahmudning hayotidagi yagona magʻlubiyati edi.
Xivada Ogahiy muzeyi qoshidagi hovuz boʻyida, majnuntollar soyasida suhbat asnosida gʻoyat kamsuqum va ulugʻ shoir Matnazar Abdulhakimdan shu haqda soʻradim.
Tabiatan bosiq, donishmand Matnazar ogʻa kutilmaganda koʻzlari yonib, “Bilasizmi, mana shu magʻlubiyat Pahlavon Mahmudning hayotdagi eng katta gʻalabasi edi”, dedi...
SHUBHASIZ...
Yer yuzida insoniyatning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabasi qariyb 75 yildan buyon tantana qilib kelinadi. Unda urushda ishtirok etganlar, azob chekkanlar, xoʻrlanganlar... va qurbon boʻlgan 50 milliondan ortiq inson eslanadi. Urushni bobo-momolaridan eshitib qolganlar ham xuddi oʻzlari oʻsha jarayonda ishtirok etgandek goh mahzun, goh gʻurur bilan gapirishadi...
ALBATTA, BUNGA ULARNING HAQLARI BOR...
Bizda mustaqillikning maʼlum bir davrida bu haqda gapirish xuddi eski sovet tuzumini qoʻmsashdek qabul qilinardi. Aslida ham shundaymi?..
Moskvada, gʻalaba shaʼniga dovruqli parad oʻtadigan Qizil maydondan uncha uzoq boʻlmagan joy — dala hovlida televizor koʻrib oʻtirsak, oynai jahonda bir ayol Stalingrad qamali vaqtida chekkan azoblarini eslab, koʻziga yosh oldi. Nomuslari poymol boʻlgan qizlar, ayollar haqidagi gaplar...
Shunda ekranda hammamizga tanish siymo — Iosif Kobzon paydo boʻldi va u ham xotiralarini ayta boshladi.
Shu odam ham urushdan aziyat chekkan ekan-da, bechora, dedim ichimda.
Kutilmaganda taniqli qoʻshiqchi, davlat va jamoat arbobi “Nedaleko ot Tashkenta yest takoy gorodok - Yangiyul...” desa bormi, hushyor tortdim.
"Bizni — men, ikkita opam, onam, xolam va yuzlab och-nahor yetim-yesirlarni poyezd uzoq yurib Toshkentga olib keldi. Vokzalda bizni oʻzbeklar kutib olishdi va mahalliy oilalarga taqsimlashdi. Biz oilamiz bilan Yangiyoʻl shaharchasidagi bir oʻzbek opanikida joylashdik.
Mana shu opa uyining yarmini bizga berdi, bitta nonini biz bilan baham koʻrdi...
Men hech yerda koʻrmagan mehrni Yangiyoʻlda - shu ayol, oʻzbek xalqi timsolida koʻrdim..."
Ammo, bu hali hammasi emas edi, Iosif Kobzon yana bir haqiqatni aytdiki, uni eshitib, nafaqat men, balki shu davrada oʻtirgan rus ogʻaynilar ham bir muddat sukutga choʻmishdi.
“Ana shu opa, — dedi qoʻshiqchi, -hech qachon oʻzining bolalari uchun bizdan alohida dasturxon yozganini yoki bizning huzurimizda ularga bir nima berganini koʻrmadim...”
Zarracha shubhalanmadim.
Bilasizmi, ana shu eʼtirofdan sal burunroq I.Kobzon qandaydir bir tadbirda sahnada hushini yoʻqotib, oʻzidan ketganligi haqidagi xabarni matbuotdan eshitgandim.
Nega bu xabarni dunyo tan olgan qoʻshiqchi buncha kech aytyapti yo aytgan boʻlsayam men eshitmay qolganmikanman?.. Shu iqrordan keyin hech qancha oʻtmay I.Kobzon ham bu olamni tark etdi.
Qarang, doʻrillagan, oʻktam ovozi Kreml devorlaridan oshib Isroilning Oʻlik dengizi sohillarigacha yetib borgan va hamma joyni zabt eta olgan mol-dunyosi bijgʻib yotgan dovruqli zot Toshkent biqinidagi Yangiyoʻlni, unda soʻnggi nonini mehr bilan boshqalarga bera oladigan uzbechka-apa haqida oradan shuncha suvlar oqib oʻtsa ham unutmagan ekan.
Men I.Kobzondek ulkan ovoz sohibi bolalik xotirasida bir umr muhrlanib qolgan ana shu samimiy mehrni nega shu kungacha qoʻshiq qilib aytmaganini aqlimga sigʻdirolmadim...
Har holda bu juda oʻlmas, umrboqiy qoʻshiq boʻlgan boʻlardi.
Dunyo bunday qoʻshiqlarni eshitmay qoʻygani uchun tobora gʻariblashib borayotgandek. Qoʻshiqchi, opa — opa, derdi, uyning sohibi haqida ogʻiz ochmadi. Uyning egasi, shubham yoʻqki, “koʻpga kelgan toʻy” deb birinchi Belorussiya frontidami, qaydadir urishib yurgan boʻlsa, ajabmas shu kezlar.
Turmushning mayda-chuydalarigacha bir necha tom asarlar yozgan, dunyoda dovruq taratgan yozuvchi keyinchalik “Men urush ketayotgan ogʻir bir damda Oʻzbekistonda yashab, davolanmaganimda allaqachon oʻlib ketgan boʻlardim” deb qisqagina boʻlsa-da, oʻsha damlarni eslaydi...
ITanida joni bor zot urush uchun front ortida mehnat qilgan. “Boʻyimiz yetmagani- kichkinaligimizdan oyogʻimiz ostiga yashiklar qoʻyib stanoklarda kecha kunduz ishlardik”, degan oʻsha paytdagi murgʻak bolakaylar, ayni paytda qartayib qolgan front orti qahramonlarining koʻpini suhbatiga oʻzim guvoh boʻlganman.
Ha, bu — tanish, oʻsha — dunyo bilgan oʻzbek. Eshiklari va dasturxoni doim ochiq millat, oʻziga ham oson kechmagan damlar yuz minglar beva-bechora, yetim-yesirlarga oʻz bagʻridan betamaʼ, begʻaraz joy bera olgan xalq.
Ikkinchi jahon urushi xaritasini olib koʻzoynaksiz ham qarasangiz unda Oʻzbekistondan to Berlingacha boʻlgan masofada oʻzbek jangchilari izlarini koʻrasiz, qahramonliklariga guvoh boʻlasiz. Reyxstag devorlarigacha oʻzbek, Toshkent kabi yozuvlarning borligi vatandoshlarimizning nafaqat front ortida mehnat qilganlarini, balki urushning soʻnggi nuqtalarigacha mardona kirib borganiga guvohlik beradi... va bugungi kun — pandemiya sharoitida xalqimiz oʻzi shu balo bilan olishayotgan bir paytda ham Oʻzbekistondan oʻnlab davlatlarga joʻnatilayotgan begʻaraz yordamlar, tabiiy ofat — Sardoba fojiasida butun Oʻzbekistonni oyoqqa turishi xalqimizning niyati har doim xolis boʻlganligidan, bagʻri kengligidan dalolat emasmi?..
Shayx Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Matnazar Abdulhakim, yangiyoʻllik opa, Sardoba voqealari ... bular oʻzbekona begʻaraz hayotning oʻlmas, uzviy ajralmas halqalari emasmi?.. Bugungi tashvishli dunyoda toʻplanib qolgan muammolar, fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba qimmati, unga hissa qoʻshganlar haqida gap ketarkan, shubhasiz, oʻzbek fenomeni — xalqimizga xos mehr-oqibat, qadriyatlar ham eslanishi shart va zarur deb oʻylayman.
Alisher NARZULLO, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi