Oqova suvlarni tozalash inshootida kamchiliklar aniqlandi
Oqova suvlarni tozalash inshootlari shahar infratuzilmasining eng muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ular ekologik xavfsizlik, suv resurslari holati va aholi salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan oqova suvlarni tozalash inshooti shahar oqova suvlarini tozalashda muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda mazkur ob’ektda oqova suvlarni tozalash texnologik jarayonlariga rioya etishda ayrim kamchiliklar mavjud. Jumladan, ob’ektning eskirgani, foydali ish koeffitsiyenti pasayib ketgani, suv tarkibida zararli moddalar mavjudligi kabi masalalar o‘z yechimini kutmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Boriy Alixonov, Olga Litvinova, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputatlar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi Sevara Fayziyeva, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulov va boshqa mas’ul tashkilot vakillari mazkur oqova suvlarni tozalash inshootida o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganishlar davomida yuqoridagi kabi muammolar aniqlandi. Deputatlar bu kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.
Xalq vakillari eskirgan texnologiyalardan foydalanish mumkin emasligi, ob’ektda zamonaviy yechimlarni joriy qilish lozimligini ta’kidladi. Xususan, uzluksiz tozalash tizimlari hamda innovatsion usullardan foydalanish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Poytaxt infratuzilmasida bunday inshootlarning ahamiyati, dolzarbligi ta’kidlanib, bu sohada deputatlik nazoratini davom ettirishga kelishib olindi.
M.Komilova,
O‘zA