“Oqibat” – yangilanishlar markazidagi mahalla
Bugungi kunda mamlakatimizda mahallalarni rivojlantirish va jamiyat hayotini yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Ayniqsa, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga borasida tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Poytaxtimizdagi Oqibat mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bu islohotlarning amaldagi samarasini yaqqol namoyon etadi.
Amir Temur xiyoboniga yaqin bo‘lgan O‘zbekiston ovozi ko‘chasida joylashgan mazkur mahalla 25 ta ko‘p qavatli uydan iborat bo‘lib, aholi zichligi yuqori hududlardan hisoblanadi. Shu bois bu yerda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tibor qaratilgan.
Mahalla “yettiligi” tashabbusi asosida fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga keng imkoniyatlar yaratildi. Imtiyozli kreditlar ajratilishi orqali kafe, restoran, sartaroshxona, kimyoviy tozalash va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etildi. Bu esa bir tomondan aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratsa, ikkinchi tomondan mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Islohotlarning muhim chora-tadbirlaridan biri – bo‘sh yerto‘la va umumiy infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalandik, - deydi mahalla raisi Muyassar Yo‘ldosheva. – Ushbu yondashuv orqali kichik biznes va ta’lim markazlari tashkil etilib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytirildi. Dizaynerlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan ochilgan o‘quv markazlari bugungi kunda yoshlarning o‘z biznesini boshlashida muhim maydonga aylandi.
“Raqamli mahalla” platformasining joriy etilishi esa boshqaruv tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Barcha xizmatlarning elektron shaklga o‘tkazilishi orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi va aholi murojaatlari tezkor hal etilmoqda.
Mahallaning ijtimoiy hayotida yoshlar siyosati alohida o‘rin tutadi. Shu jihatdan maskanda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishi uchun turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar va madaniy dasturlar tashkil etilmoqda. Yoshlarning bunday jarayonlarga faol jalb etilishi ularning dunyoqarashini kengaytirib, fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi. Shu bilan birga, bu kabi tashabbuslar navqiron avlodni turli salbiy ta’sirlardan asrash, ularni vatanparvarlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
[gallery-28839]
Hududda xavfsizlik masalalari ham tizimli hal etilgan bo‘lib, joylarda 350 dan ortiq videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan, kirish joylarida chaqiruv tugmalari joriy etilgan hamda huquq-tartibot idoralari ishtirokida qo‘riqlash punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida “Obod mahalla” dasturi va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Manzarali va mevali daraxtlar ekilishi natijasida mahallaning ekologik muhiti yaxshilanmoqda. Daraxtlarning aksariyati mevaga kirib ham ulgurdi.
Shu bilan birga, aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Salomatlik yo‘lakchalari, vorkaut maydonchalari, bolalar o‘yingohlari va mini futbol maydonlarining barpo etilishi bu yo‘nalishdagi ishlar samarasini ko‘rsatmoqda.
Xulosa o‘rnida aytganda, “Oqibat”da yaratilgan tizimli yondashuv, “mahalla yettiligi” faoliyati va jamoaviy birdamlik natijasida obod, xavfsiz va farovon hayot muhiti shakllanmoqda.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA