Oq yo‘l sizga, bitiruvchilar!
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, hayotda munosib o‘rin topishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlar sakkizta oliy o‘quv yurtida 96 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, 36 mutaxassislik bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
Zamonaviy tarzda jihozlangan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filialini joriy yilda to‘rtta bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 132 nafar yigit-qiz, “Kompyuter muhandisligi” mutaxassisligi bo‘yicha 18 magistr tamomladi.
Filial Janubiy Koreyaning KAIST, Inxa va Kyonxi universitetlari bilan samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatgan. Ta’lim muassasasi o‘qituvchilari B.Turdimuratov, Sh.Yodgorov, A.Qodirov, Q.Yo‘ldoshev ana shu universitetlarda malaka oshirib qaytgani fikrimiz dalilidir.
– Men “Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishida kimyoviy o‘g‘itlardan samarali foydalanish masalalarini modullashtirish” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini yoqladim, – deydi Temur Xo‘jamuratov. – Kelgusida ustozlarim ko‘magida ilmiy ishimni davom ettirib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini komputerlashtirishga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.