Onlayn-NKT: 345 million chek va 84,7 trillion so‘mlik aylanma qayd etildi
Raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish sharoitida onlayn nazorat-kassa texnikasi (onlayn-NKT)dan foydalanish ko‘lami kengayib bormoqda. Bu esa savdo jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, naqd pul aylanmasini qisqartirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatimizda onlayn-NKTdan foydalanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 168 ming 541 taga yetgani mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy samarasini yaqqol namoyon etadi. Ushbu ko‘rsatkich tadbirkorlik muhitida raqamli texnologiyalarga bo‘lgan ishonch ortib borayotganidan dalolat beradi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, onlayn-NKT orqali 345 milliondan ortiq chek rasmiylashtirilgan bo‘lib, ular bo‘yicha umumiy tovar aylanmasi 84,7 trillion so‘mdan oshgan. Bu raqamlar ichki bozorda savdo hajmining yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, onlayn-NKTdan foydalanish bo‘yicha poytaxt mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 29,9 trillion so‘mlik 145,7 millionta chek rasmiylashtirilgan. Bu yerda savdo infratuzilmasining rivojlangani, xizmat ko‘rsatish sohasining kengligi va aholi zichligi yuqori ekani muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikkinchi o‘rinni Toshkent viloyati egallab, bu hududda 9 trillion so‘mlik 50,3 millionta chek qayd etilgan. Uchinchi pog‘onadan esa Farg‘ona viloyati joy olgan bo‘lib, bu yerda 5,6 trillion so‘mlik 25,2 millionta chek rasmiylashtirilgan.
Onlayn-NKT tizimining keng joriy etilishi “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, tadbirkorlar faoliyatini qonuniylashtirish va davlat byudjeti tushumlarini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, mazkur tizim iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, xaridlar bo‘yicha aniq hisob-kitob yuritish imkoniyatini ham yaratib bermoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, raqamlashtirish jarayonlarining chuqurlashuvi bilan onlayn-NKTdan foydalanish ko‘lami yanada ortishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida iqtisodiyotda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, zamonaviy savdo infratuzilmasini shakllantirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA