“Onalar yashil makon uchun” aksiyasi
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonda kattayu kichik faol ishtirok etayotir.
Andijon shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi, mahallalarning ayollar faollari, bir guruh keksa onaxonlar tashabbusi bilan shahar hududida “Onalar yashil makon uchun” aksiyasi o‘tkazildi.
– Ko‘chat ekish, yurtni obod qilish xayrli va savobli ish, – deydi Andijon shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Ulug‘bekova. – Maqsadimiz, yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tayotgan ushbu xayrli ishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shish.

Aksiya doirasida viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Andijon shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda mahallalarning bir guruh faol ayollari Andijon shahar O‘zbegim mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylar atrofiga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.
Umuman, Andijon viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Joriy yil kuz mavsumida 5 million 781 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari va qalamchalar ekilishi belgilangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA