Ona va oʻgʻil munosabati
Abu Hurayra Zulhulayfada onasi bir uyda, oʻzi boshqa uyda yashar edi.
۱٢ – حدثنا عبد الله بن صالح قال: حدثني الليث قال: حدثني خالد بن يزيد عن سعيد بن أبى هلال عن أبى حازم عن أبى مرة مولى عقيل: “أن أبا هريرة كان يستخلفه مروان وكان يكون بذي الحليفة فكانت أمه في بيت وهو في آخر قال: “فإذا أراد أن يخرج وقف على بابها” فقال: “السلام عليك يا أمتاه ورحمة الله وبركاته” فتقول: “وعليك يا بنى ورحمة الله وبركاته” فيقول: “رحمك الله كما ربيتنى صغيرا” فتقول: “رحمك الله كما بررتنى كبيرا” ثم إذا أراد أن يدخل صنع مثله”
Abu Murradanrivoyat qilinadi: “Marvon oʻz oʻrniga xalifa qilib Abu Hurayrani qoʻyib ketar edi. Abu Hurayra Zulhulayfada onasi bir uyda, oʻzi boshqa uyda yashar edi. U (roviy) aytadi: “U (Abu Hurayra) qachon uydan chiqsa, onasining eshigini oldiga toʻxtab: “Assalomu alayki va rahmatullohi va barokatuh! (Sizga Allohning rahmati va barakasi boʻlsin!), ey onajon,” – der edi.
Onasi ham: “Senga ham Alloh taoloning rahmati va barakasi boʻlsin!” – der edi. U (Abu Hurayra): Goʻdakligimdan men tarbiya qilganingiz uchun sizga Alloh taoloning rahmati boʻlsin”, – der edi. Onasi: “Keksaligimda menga yaxshilik qilayotganing uchun senga ham Allohning rahmati boʻlsin,” – der edi. Keyin (Abu Hurayra onasining) uyiga kirmoqchi boʻlsa ham shunday qilar edi”. [2]
Hadisning umumiy maʼnosi:
“Marvon oʻz oʻrniga xalifa qilib Abu Hurayrani qoʻyib ketar edi. Abu Hurayra Zulhulayfada onasi bir uyda, oʻzi boshqa uyda yashar edi.
Marvon – ibn al-Hakam, ummaviylarning toʻrtinchi xalifasi, 623-685-yillarda yashagan. Abdulmalik ibn Marvonnning otasi. Umaviylarning 8-xalifasi Umar ibn Abdulazizning bobosi. Tarixda “Qirollar otasi” nomi bilan mashhur. Chunki undan soʻng toʻrt avlod birin ketin xalifa boʻlgan.
Zu-l-Hulayfa – hojilar uchun besh miyqot joylaridan biri. Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning Madinadagi masjidlaridan 13km, Makka shahridan 420km uzoqlikdagi joylashgan. Madina aholisi va Madina orqali hajga keluvchilar shu yerdan ehrom bogʻlaydilar.
Marvon ibn Hakam Madinadan boshqa joyga safar qilsalar, oʻz oʻrinlariga Abu Hurayra roziyallohu anhuni voliylikka tayin qilib ketar edi.
Sahobiylar nafaqat shariat ilmi, balki odob-axloq borasida ham buyuk bir dargohda – Paygʻambar sallollohu alayhi va sallam maktablarida taʼlim olganlar. Ana shunday insonlardan biri, Paygʻambarimiz sallolllhu alayhi va sallamdan eng koʻp hadis rivoyat qilgan, baʼzan Madinada xalifaning oʻrnida xalqni boshqargan musulmonlarning ishonchli vakili buyuk sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhuning volidai mehribonlariga muomalalarini Abu Murra rivoyat qilib keltiradilar.
U (roviy Abu Murra) aytadi: “U (Abu Hurayra) qachon uydan chiqsa, onasining eshigini oldiga toʻxtab (yaʼni tashqarida turib): “Assalomu alayki va rahmatullohi va barokatuh! (SizgaAllohning rahmati va barakasi boʻlsin!), ey onajon,” – der edi.
Onasi ham: “Senga ham Alloh taoloning rahmati va barakasi boʻlsin!” – der edi.
Yuksak islomiy taʼlimotni oʻzida mujassam qilgan ona va oʻgʻil salomlashib, bir-birlarini haqqiga dunyodagi eng oliy yaxshiliklardan biri – Allohning rahmati va barakotini tilamoqda.
U (Abu Hurayra): Goʻdakligimdan men tarbiya qilganingiz uchun sizga Alloh taoloning rahmati boʻlsin”, – deredi.Onasi:“Keksaligimda menga yaxshilik qilayotganing uchun senga ham Allohning rahmati boʻlsin,”– der edi.
Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Parvardigoringiz, yolgʻiz Uning Oʻziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qoʻl ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga qarab “uf” tortma va ularning (soʻzlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi soʻz ayt! Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut — xokisor boʻl va: “Parvardigorim, meni (ular) goʻdaklik chogʻimdan tarbiyalab-oʻstirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin”, deb (haqlariga duo qil)!”[3] – deb ota-onaga qanday muomala qilish va ularning haqlariga qanday duolar qilish lozimligini koʻrsatib berdi.
Insoniyat oʻz hayotiga tadbiq etishi uchun bundanda oliy muomalot va yuksak madaniyatni hech qaysi dindan topolmasligi aniq.
Keyin (Abu Hurayra onasining)uyiga kirmoqchi boʻlsa ham shunday qilar edi”.
Qurʼon va hadis maktabining buyuk nomoyondasi, ulugʻ sahobiy hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu onasining xonadoniga kirganidan keyin ham yuqoridagi muomalani takrorlar, yaʼni oʻzini onasini uyiga kirmoqchi ekanligini bildirib, bu soʻzlar bilan onasidan uyga kirishga izn soʻraredi.
Hadisdan olinadigan foydalar:
- Kishi uzoqdan turib ota-onasiga salom berishning mumkinligi.
- Maʼlumki, farzand ota-ona turgan xonadonga uning ijozatisiz kirishi mumkin emas, bu yerda sahoba kirishga ijozat soʻrashni “salom-alik” koʻrinishida amalga oshirganlik ehtimoli ham bor.
- Farzandlar ota-onalari haqlariga doimo Alloh va rasuli oʻrgatganidek yaxshi duolar qilmogʻi.
- Ota-onalar ham farzandlari haqiga va ularning kamolini rivojiga xayrli duolar qilmogʻi.
- Onasi yotgan uyga kelganda kelayotganini bildirishi va izn soʻrab kirish kerakligi.
[1] Abu Murra – Uqaylning ozod qilgan quli edi.
[2] Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobi. 12-hadis.
[3] Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Tarjima va tafsir muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. –T.: Sharq., 2004. “Isro” surasi, 23, 24-oyatlar mazmuni. I z o h: Ushbu ikki oyatda ota-ona va farzand oʻrtasidagi munosabat xususida soʻz boradi. Avvalo, Islom barcha moʻmin-musulmon farzandlar uchun ota-onaga yaxshilikni yolgʻiz Alloh taologa ibodatdan keyingi ikkinchi vazifa qilib qoʻyadi.
Bu taʼlimotga binoan, ota-ona moʻminmi, kofirmi, yaxshimi-yomonmi, baribir farzand ularga nisbatan hurmat saqlashi, soʻzlarini qaytarmasligi va haqlariga yaxshi duolar qilishi vojibdir. Lekin mana shu oyati karimada zikr qilingan duoda juda ham zarur bir nukta borki, biz, undan gʻofil boʻlmasligimiz lozim. Ota-onalik huquqini qozonish uchun bola tugʻishning oʻzi kifoya qilmay, balki ularga taʼlim-tarbiya berish ham muhim shartlardan ekan.(tarj).
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi