Ona tilimizning kelajagi o‘zimizga bog‘liq
Til – millat ruhiyatining betakror ko‘zgusi, millat tafakkurining o‘ziga xos in’ikosi sifatida jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan hozirgi davrda milliy tillarning taqdiri masalasi dunyo xalqlari oldida ko‘ndalang bo‘lib qoldi.
Poytaxtimizda “O‘zbek tili mavqeini ko‘tarish, jozibadorligini oshirish va uni turli xurujlardan himoya qilish borasida belgilangan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega, deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda.
YUNESKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida.
Mazkur raqamlardan ko‘rinadiki, har bir millat yoki xalq o‘z ona tilining rivoji uchun amaliy harakat qilmasa, vaqt o‘tib o‘sha millat o‘z ona tilini yo‘qotishi mumkin.Mamlakatimizda ona tilimizni boyitish, uning nufuzini oshirish yo‘lida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Shu jihatdan bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati, urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazi ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko‘plab ta’lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda ta’lim chet tillarida olib boriladigan ta’lim muassasalari soni oshib bormoqda.
Ahamiyatlisi, bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili va adabiyoti o‘rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabriklari o‘zbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan amaliy harakatlar bilan uyg‘un va hamohangdir.
– Til benihoya muqaddas va mo‘’tabar ne’mat, u inson degan mavjudotni shakllantirgan, taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy komillikka boshlagan, ijtimoiy munosabatlarga yo‘l ko‘rsatgan, tafakkur qulflarini yechgan, ilm yo‘lida mayoq, zulmatlarda chiroq bo‘lgan sehrli bir jilo,– deydi filologiya fanlari doktori, professor Abdulhay Sobirov. – Shuning uchun ham tilga hurmatsizlik, insoniyatning o‘ziga bo‘lgan behurmatligidir. Bejiz emaski, xalqimiz tilga, xususan, o‘zining ona tiliga muntazam muhabbat bilan e’tiborda bo‘lgan, uni e’zozlab ardoqlagan, o‘zbek tilining mukammalligi va betakrorligidan faxr-u iftixor qilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA