Ona tilim – faxrim, davlatim
Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, ona tilimizning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 23 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi bu boradagi sa’y-harakatlarga keng yo‘l ochib, o‘zbek tilining nafaqat respublikamizdagi, balki jahondagi nufuzini yanada mustahkamladi.

21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Davlat tilini sevish, uning rivojlanishiga hissa qo‘shish – barchamizning burchimizdir” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, yozuvchi va shoirlar, filolog, tilshunos, olimlar, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchi va kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirda ona tilimizning o‘ziga xosligi, bugungi kunda davlat tilining nufuzi va maqomini oshirish borasidagi islohotlarga to‘xtalib, har bir Vatan farzandi o‘z ona tilini sevishi, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yishda faol ishtirok etishi zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va uning joylardagi vakillari, ya’ni vazirlik, idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar tomonidan idoralarda davlat tilini rivojlantirish, davlat tilida ish yuritishni tashkil qilish ishlarining izchil davom ettirilayotganligi haqida so‘z yuritildi.

Ijodkorlar tomonidan ona tilini ulug‘lovchi she’r va qo‘shiqlar aytildi.
Uchrashuvda kursantlar ham so‘z olib, el ardog‘idagi shoirlarning ijod namunalaridan yod aytib, ustoz shoirlardan esdalik she’riy to‘plamlari bilan birga o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA