Ona allasidek yoqimli qo‘shiq
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot, Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon. Yashnagay toabad ilmu fan, ijod, Shuhrating porlasin, toki bor jahon...
Dunyoda shunday qo‘shiq borki, u ona allasidek yoqimli. U yangraganda ko‘ngillar orom oladi, mudroq qalblar sergaklanadi, qalblar hayajonga to‘ladi. Bu qo‘shiq yangarganda katta-yu kichik beixtiyor kuylay boshlaydi. Bu shubhasiz ulug‘ va ulkan qudratga ega davlatimiz madhiyasidir.
29 yildirki madhiyamiz har tong yangraydi. Farzandlarimiz har tong madhiyamiz sadolari ostida maktabga qadam qo‘yadi.

Shu kunlarda barcha joylarda – korxona, tashkilot va muassasalarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Navoiy shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bu kun o‘zgacha nishonlandi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi, Navoiy shahar bo‘linmasi hamda maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan “Madhiyam - faxrim, iftixorim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirni o‘quvchilar jonli tarzda madhiyani ijro etish bilan boshladi. Tadbir ishtirokchilari esa ularga jo‘r bo‘ldi.
Darhaqiqat, davlatimiz madhiyasi barchamizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalaydigan, o‘tmishimiz va kelajagimizga chuqur hurmatni shakllantiradigan vosita sanaladi. Uning har bir satrida xalqimizning ezgu orzu-umidlari, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchligimiz va o‘zaro birdamligimiz o‘z ifodasini topgan.

– Madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi bo‘lib, har bir O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham unga hurmat bajo keltirishi shart, bu qonunda belgilab qo‘yilgan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy shahar bo‘linmasi raisi Erkin Navro‘zov. – Madhiyamiz yangiraganda har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada jo‘sh uradi. Shu aziz va muqaddas yurtni har tomonlama himoyalash, uning gullab-yashnashi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilishimiz lozimligini teranroq his qila boshlaymiz. Madhiyamiz har birimizni yangi marrralar sari yetaklaydi va kuch-quvvat bag‘ishlab, yanada ruhlantiradi.
Tadbirda o‘quvchilar ona Vatanni, yurtni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar ijro etdi. Ular tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan maktab kutubxonasiga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA