Ommaviy sportni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
Sport vazirligida aholini ommaviy sport mashg‘ulotlariga jalb qilish tizimini kengaytirish va samarali tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston markaziy shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Sport vaziri Adham Ikromov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublika, viloyat, tuman va shahar shtab a’zolari hamda ommaviy sportni rivojlantirishga mas’ul vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.
Muhokamalar jarayonida joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari huzurida sportga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahalla, maktab, tuman, viloyat va mamlakat darajasida barcha vazirlik, idora, tashkilotlar oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tadbirda ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi ishlar holati hamda bu borada joylardagi tizim tashkilotlari rahbarlari va xodimlarining mas’uliyati, umumta’lim maktab o‘quvchilaridan qabul qilinayotgan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari, hududlarda “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”, “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining o‘tkazilishi jarayonlari to‘g‘risida mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Ushbu musobaqalarning "ERP sport" platformasida aks etishi va bu borada yuzaga kelayotgan muammolar ham atroflicha tahlil qilinib, mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA