Ombudsman vakili Surxondaryoda
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimanov boshchiligidagi guruh Surxondaryo viloyatida bo‘lib, yopiq muassasalarni o‘rgandi. Shuningdek, huquqiy mavzuda uchrashuvlar tashkil etib, odamlarning muammolarini tingladi.
Mehmonlar dastlab Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Ombudsman” maktabi loyihasi doirasida “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari” mavzuiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etdi.
Denov tumanidagi mahallalar raislari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda sohalarning viloyatdagi rahbarlari “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari”, “Mamlakat yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlari to‘g‘risida”, “Aholiga imtiyozli kreditlarni (ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, ta’lim, ipoteka, iste’mol va boshqa kreditlari) ajratish tartibi” singari mavzularda huquqiy tushuntirish berdi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi, “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati mamlakatimizda Ombudsmanga eng ko‘p murojaat yuboriladigan uchta hududdan biri sanaladi. Xususan, 2023 yil vohadan 1 ming 759 ta, o‘tgan yil 2 ming 117 ta, joriy yilning birinchi choragida 557 ta murojaat yo‘llangan. Shu yil yuborilgan murojaatlarning 308 tasi Denov tumanidan tushgan. Bu murojaatlarda asosan yoshlar va ayollar bandligi, mulkiy nizolar, turar-joy, kommunal xizmatlar, firibgarlik holatlari kabi masalalar ko‘tarilgan.
Qiziqarli savol-javoblar asosida o‘tgan “Ombudsman” maktabi loyihasi yakunida sayyor qabul tashkil etildi. Aholi murojaatlari tinglanib, joyida o‘rganildi. Mutasaddilar bilan masalalarni hal etish yo‘llari izlanib, huquqiy maslahat berildi.
Denov “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida 190 dan ortiq sog‘ligida nuqsoni bor inson yashaydi. 70 nafarining harakati cheklangan. Ularga 180 xodim to‘rt smenada xizmat ko‘rsatadi. O‘tgan yili 13 nafari sog‘lomlashtirilib, qavmu qarindoshlari bag‘riga qaytarildi. O‘tgan yil “Openbyudjet”dan 2 milliard 860 million so‘m mablag‘ yutib olinib, internat uyi tubdan rekonstruksiya qilindi. Barcha zamonaviy sharoitlar yaratildi. Joriy yilda yana “Openbyudjet”ning 1 milliard 500 million so‘m mablag‘i evaziga adaptiv sport turlari bilan shug‘ullanish zallari barpo etiladi. Bu yerda shifokorlar xulosasi asosida duradgorlik, temirchilik kasblari o‘rgatilmoqda.
Inson huquqlari va erkinliklari himoyachilari internat uyida yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, yashash xonalari, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylarini ko‘zdan kechirdi. Dori-darmon bilan ta’minlash, tibbiy xizmatdan foydalanish holati bilan tanishdi.
Shu kuni Ombudsman vakili tumandagi 2-viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi va Sho‘rchi tumani IIBga qarashli vaqtincha saqlash hibsxonasida ham bo‘ldi. 2-viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida 240 bemor davolanmoqda. Ularga 90 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va 11 nafar shifokor xizmat ko‘rsatadi.
Sho‘rchi tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi uchun Ombudsman tavsiyasiga muvofiq joriy yilda yangi bino barpo etiladi.
– Vohadagi yopiq muassasalarda monitoring o‘tkazib turishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Ombudsmanning Surxondaryodagi vakili Abdurashid Artiqov. – Aniqlanayotgan holatlar yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, sharoitlar yanada yaxshilanmoqda. Bugun ham 2-viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida olib borilgan monitoringda qator holatlar aniqlandi. Ularni bartaraf etish uchun tegishli ta’sir choralari ko‘riladi. Sho‘rchi tumani IIBga qarashli vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan va qamoqqa olingan shaxslar uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Sherobod tumanidagi 41-jazoni ijro etish manzil koloniyasida bo‘lgan Ombudsman vakili muassasada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etdi.
Muassasada 300 ga yaqin mahkum va mahkuma jazoni ijro etmoqda. Ularning 16 nafari ayollardir. Guruh a’zolari mahkum va mahkumalar bilan suhbatlashib, ularning fikrini tingladi. Yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Tibbiy xizmatdan foydalanish holatlari bilan tanishdi.
– Ombudsman vakili tashabbusi bilan o‘tkazilgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik mahkum va mahkumalarimizning salomatligini saqlash va aniqlangan kasalliklarning erta oldini olib, davolashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi tibbiyot punkti boshlig‘i, kapitan Abbos Absaloyev. – Muassasamizda jazo muddatini o‘tayotganlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu safargi ko‘rikda 154 mahkum va 16 nafar mahkuma onkolog, ginekolog, kardiolog, ko‘z, travmatolog kabi shifokorlarning 12 turdagi kasallik bo‘yicha ko‘rigidan o‘tdi. Olti nafariga statsionar davolanish uchun yo‘llanma berildi.
Termiz shahridagi 16-umumta’lim maktabida uyushtirilgan “Ombudsman soati”da Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari, yuridik fanlari doktori, professor Bekzod Narimanov ta’lim muassasasi o‘quvchilarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi. Milliy qonunchiligimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, shaxsiy huquqlarini himoya qilish yuzasidan saboq berdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
– Uchrashuvimiz juda qiziqarli, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha foydali ma’lumotlarga boy bo‘ldi, – deydi maktabning 10-sinf o‘quvchisi Marjona Xayrullayeva. – Bu dars bizning hozirgi virtual olamda ham o‘z huquqlarimizni ta’minlashimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Termiz shahridagi 9-tergov hibsxonasi tubdan rekonstruksiya qilingan. Uchrashuv xonalari, tergov va advokatlar xonalari zamonaviy usulda jihozlangan. Muassasada 374 nafar qamoqqa olingan shaxs saqlanmoqda. Bu yerda hibsxona oshxonasi, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tibbiy xizmat va kutubxonadan foydalanish, kasb o‘rganish imkoniyatlari, xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi. Mahkumlar va advokatlar bilan suhbatlashdi.
– Muassasada qamoqqa olingan shaxslar uchun, ularning himoyachilari uchun ham barcha qulaylik mavjud, –deydi advokat Chorshanbi Qilichov. – Masalan, shu paytgacha bitta advokatlar xonasidan foydalangan bo‘lsak, endilikda oltita shinam xona barpo etilib, jihozlangan. Videokameralar o‘rnatilgan. Voyaga yetmaganlar uchun shu yerning o‘zida dars o‘tish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-23216]
Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning vohadagi monitoring tadbirlari viloyat IIB JXX JTSB ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonasini o‘rganish bilan yakunlandi.
Joylarda o‘tkazilgan monitoring chog‘ida aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralarini ko‘rish uchun hujjatlar taqdim etiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbiri