Ombudsman jazoni ijro etish koloniyasini o‘rgandi
Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarining oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan navbatdagi monitoring tashrifi Toshkent viloyatidagi 22-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga amalga oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Ombudsman boshchiligidagi ekspert guruhi a’zolari ushbu muassasada mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, bu yerdagi qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borishdi.
Muassasada 15 ta uchrashuv xonasi bo‘lib, mahkumlarning oila a’zolari karantin munosabati bilan haftaning faqatgina juma, shanba va yakshanba kunlari uzoq muddatlik uchrashuvlarga kelishlari mumkin. Uzoq muddatli uchrashuvdan so‘ng mahkumlar 2 hafta davomida boshqa mahkumlardan alohida saqlanadi va shu muddat ichida “Covid-19» infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test olinadi.
Uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirilganda, xonalar barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangani hamda ularning har birida sovutkich va yuvinish xonalari mavjudligi aniqlandi. Muassasa boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, barcha xonalar o‘tgan yili ta’mirdan chiqarilgan va bu yil yana qo‘shimcha 3 ta xona ajratilgan.
Monitoring davomida ekspert guruhi a’zolari koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam olish sharoitlari hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish holatlarini ham o‘rganishdi.
Koloniya hududida tikuvchilik, duradgorlik, yumshoq mebel yasash va boshqa kasb-hunarga ixtisoslashgan 10 dan ortiq sexlar mavjud.
Koloniyada mavjud bo‘lgan tikuv sexida band bo‘lgan 15 nafar mahkum tayyor bichilgan matolarni tikish bilan mashg‘ul. 3-4 yildan buyon ushbu sexda ishlayotgan mahkumning so‘zlariga ko‘ra, ular qaysi sexda ishlashlarini o‘zlari tanlaydi. Qo‘shimcha yana 5 ta jazoni ijro etish muassasasini non bilan ta’minlab boruvchi sexda ishlayotgan mahkumlar ham oylik maoshlarini o‘z vaqtida olishlarini ma’lum qilishdi.
6 mingdan ziyod kitoblarga ega koloniya kutubxonasining 195 ta a’zosi bor. Shuningdek, hozir ta’mirlanayotgan koloniya tibbiyot bo‘limi va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilganda, dori-darmon ta’minoti to‘liqligi, lekin, terapevt va stamotolog shifokorlar lavozimlari vakant ekani ma’lum bo‘ldi.
Koloniya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida muassasadagi barcha isitish uskunalari to‘liq almashtiriladi, oshxona va mahkumlar yotoqxonalari ta’mirlanadi.
Monitoring davomida 30 ga yaqin mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ariza va shikoyatlari qabul qilindi. Shuningdek 200 ga yaqin mahkum bilan ommaviy qabul o‘tkazildi.
N.Nasriyev, O‘zA