Oltindan ham qimmatli yillar
Inson umrining shunday bosqichlari borki, uning naqadar totli ekani vaqt o‘tib ma’lum bo‘ladi. Ana shunday betakror davrlardan biri bu shubhasiz, talabalik yillaridir. Unda nafaqat inson o‘z ilmiy salohiyatini oshiradi, balki hayotning mohiyatini, ilm mashaqqati-yu rohatini yanada yaxshiroq his etadi. Bu yillardagi qadamlar kishining butun umrlik faoliyatidagi muhim yo‘lni belgilab beradi. Qolaversa, ustoz-shogirdlikdek muqaddas rishtani yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Men 2022-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Unda tom ma’noda orzular qanotida uchar edim. Keyin o‘qish mashg‘ulotlari boshlandi. Undagi har bir daqiqa men uchun yangi olamning hayratli manzili edi desam, mubolag‘a qilmayman. Men o‘tgan 4 yil davomida ma’naviyatim uchun eng toza nihollardan ektirdim desam, adashmayman. Endi ularning mevalari mening umrimga mazmun va rohat baxsh etmog‘i shubhasiz. Bu yillarda tuyilgan tuyg‘ularni hozir faqat qayta tanamda his etyapman. Ularni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.

Ayniqsa, bunda orttirilgan do‘stlar hayotimda yangi va maroqli sahifa bo‘ldi. Qolaversa, bu oliygohda adabiyotning jamiyatimizga, umuman insoniyatga bo‘lgan ta’sirini yaxshigina angladim. Oldimga shunday maqsad qo‘ydimki, adabiyotning qudratidan jamiyatimiz va mamlakatimiz yuksalishi yo‘lida albatta foydalanaman. Yurtboshimiz ilgari surayotgan kitobxon millat bo‘lish g‘oyasini amalga oshirishda bor salohiyatimni ishga solaman, – deydi mazkur oliygoh 4-kurs talabasi Dilbar Jo‘rayeva.
Ko‘rinib turibdiki, bitiruvchi yoshlarning qalbida cheksiz hayajon bo‘lish bilan birga yuksak maqsadlari ham bor. Bu shuni anglatadiki, haqiqiy ilm kishilari o‘z salohiyatlarini mamlakat va jamiyat farovonligiga safarbar etadi. Shuning uchun ham talabalik yillari oltin davr deya ta’riflansa, neajab. Zotan, ilm- barcha xazinalarning kalitidir.

Xulosa qilib aytganda, bugun bitiruvchi maqomda turgan millionlab talabalar yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan kadrlar bo‘lish mas’uliyatini his etmoqlari, talabalikka intilayotgan yoshlar esa bu oltindan-da qimmatli yillarni behuda ishlarga sarflamasliklari lozim.
Sherbek Islomov, O‘zA