Oltin kuzning oltin zafarlari: XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston shiddati!
Joriy yilning 19-sentabridan 4-oktabr sanasiga qadar Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida XX yozgi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazib kelinayotgan Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 davlatidan 11 ming nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi. 16 kun davom etgan musobaqalar sportning 43 turi va 71 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilib, unda sportchilar 469 ta bahsda jami 1 ming 407 ta medal uchun raqobatlashdi.
To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 42 turi bo‘yicha bahslarga kirishdi. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir. Milliy terma jamoalarimiz tarkibida 396 nafar sportchi — 224 nafar erkak va 172 nafar ayol mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
Sportchilarimiz sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdi. Shuningdek, musobaqalar davomida kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, syorfing, triatlon va skvosh bo‘yicha «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar uchun bahslashdi.

Quvonarlisi, XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza, jami 70 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rindan joy oldi.
Bu galgi qit’a o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 110 kilogramm vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev oltin medalga ega chiqdi. U dast ko‘tarishda dastlab 190 kilogramm og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan bo‘lsa, uchinchi urinishda 197 kilogramm natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi.
Akbar polvon siltab ko‘tarishda 226 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra esa 423 kilogramm natija bilan Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
Shuningdek, badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Taxmina Ikromova Osiyo o‘yinlarining yakkalik ko‘pkurash dasturida 112,950 ball jamg‘arib, faoliyatida uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.

Boks bahslarida Abdumalik Xalokov (-60 kg), To‘rabek Habibullayev (-90 kg) oltin, Jahongir Zokirov (+90 kg) kumush, Shavkatjon Boltayev (-70 kg), Fazliddin Erkinboyev (-80 kg), Feruza Kazakova (-51 kg) va Sitora Turdibekova (-60 kg) bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Boks bo‘yicha terma jamoamiz musobaqani 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza — jami 7 ta medal bilan yakunladi. Bu ko‘rsatkich orqali medallar soni bo‘yicha O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari boks musobaqasining eng sermahsul terma jamoasi bo‘ldi.
Boksdagi umumiy natijaga erkaklar terma jamoasi katta hissa qo‘shdi. Bokschilarimiz erkaklar o‘rtasida 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal oldi. Ayollar terma jamoasi vakillari esa 2 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobiga o‘z ulushini qo‘shdi.
Boksdagi medallar taqsimotida Hindiston terma jamoasi 3 ta oltin va 3 ta bronza bilan keyingi natijani qayd etdi. E’tiborlisi, hindistonliklarning barcha oltin medallari ayollar bahsida qo‘lga kiritildi. Qozog‘iston vakillari esa 2 ta oltin va 3 ta bronza medal bilan keyingi o‘rindan joy oldi. Shu tariqa, O‘zbekiston bokschilari musobaqani medallar soni bo‘yicha yuqori natija bilan yakunladi.


Sport gimnastikasi bahslarida O‘tkirbek Jo‘rayev tayanch ot yo‘nalishida oltin, Rasuljon Abdurahimov parallel brusda bronza medaliga ega chiqdi. Velosportning medison dasturida Sergey Rostovsev va Nikita Svetkov, kibersportda Abubakir Iminjonov va Farrux Mirhamitov (futbol, eFootball™) bronza medali bilan taqdirlandi.
Yengil atletika bo‘yicha o‘tgan bellashuvlar ham vakillarimiz uchun omadli bo‘ldi. Xususan, Suxrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish, Barnoxon Sayfullayeva balandlikka sakrash, Sharifa Davronova uch hatlab sakrashda oltin, Anvar Anvarov uzunlikka sakrashda bronza medaliga ega chiqdi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshishda Shahriyor Mahkamov (baydarka, 500 metr), Shohsanam Sherzodova (kanoe, 200 metr) oltin, Vladlen Denisov (kanoe, 500 metr), Artur Guliyev va Vladlen Denisov (kanoe-ikkilik, 500 metr), Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova (kanoe-ikkilik, 500 metr), Arina Tanatmisheva (baydarka, 500 metr), O‘zbekiston jamoasi (baydarka-to‘rtlik, 500 metr), Vladlen Denisov va Nilufar Zokirova (aralash kanoe-ikkilik, 500 metr) kumush, Arina Tanatmisheva va Yekaterina Shubina (baydarka-ikkilik, 500 metr) bronza medali bilan taqdirlandi.


Qilichbozlikda Zaynab Dayibekova (yakkakurash sablya) kumush, Polina Volobuyeva (yakkakurash rapira) va O‘zbekiston jamoasi (sablya, jamoaviy) bronza medaliga ega chiqdi. Dzyudo bahslarida Muzaffarbek To‘raboyev (+100 kg), Sita Qadamboyeva (-52 kg) oltin, Abdurahim Nutfulloyev (-66 kg), Shahram Ahadov (-73 kg) kumush, Ernazar Sarsenbayev (-100 kg), Samariddin Qo‘chqorov (-60 kg) va O‘zbekiston jamoasi (aralash jamoaviy) bronza medalini jamg‘ardi.
Milliy sportimiz bo‘lgan kurash bahslarida Ahror Ziyodullayev (-81 kg), Shohruxxon Baxtiyorov (+90 kg), Ibodatxon Og‘ojonova (-57 kg), Pokizaxon Kamoliddinova (-78 kg) oltin medalga ega bo‘ldi. Bekmurod Oltiboyev (+90 kg) hamda Shohista Nazarova (-78 kg) esa bronza medalini oldi.
Sport kurashlarida ham medallarimiz ancha sermahsul bo‘ldi. Aytjan Xalmaxanov (yunon-rum, 67 kg) oltin, Sherzod Poyonov (erkin, 97 kg), Rafael Sitsuashvili (yunon-rum, 130 kg), Alisher G‘aniyev (yunon-rum, 60 kg) kumush, Jalg‘asbay Berdimuratov (yunon-rum, 87 kg) bronza medali bilan taqdirlandi.
O‘q otish bahslarida Vladimir Svechnikov 10 metr pnevmatik to‘pponcha dasturida oltin medalga sazovor bo‘ldi. MMA bahslarida Firdavs Atamurodov (zamonaviy, -60 kg), Xiyola Sobirova (an’anaviy, -60 kg) kumush, Nodirbek Shavkatov (zamonaviy, -71 kg) bronza, karate bahslarida Abdulvahhob Rashidov (-67 kg) oltin, Humoyunmirzo Halimov (-55 kg) kumush medaliga ega chiqdi.

Akademik eshkak eshish bahslarida Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev (yengil vaznli qayiqda eshkak eshish) oltin, O‘zbekiston jamoasi (erkaklar, to‘rtlik), Shahboz Xolmurzayev (erkaklar, yakkalik), Mehrojbek Mamatqulov va Pavel Sorin (ikki kishilik), Anna Aksenova va Aydana Smetullayeva (juftlik), O‘zbekiston jamoasi (ayollar, to‘rt kishilik), Anna Prakaten (yakkalik) kumush, Maksim Golubev va Alisher Turdiyev (juftlik) hamda O‘zbekiston jamoasi (erkaklar, to‘rtlik) bronza medali bilan yurtimizga qaytdi.
Shuningdek, taekvondo WT bahslarida Jasurbek Jaysunov (-80 kg) oltin, Marat Mavlonov (+80 kg), Ozoda Sobirjonova (-67 kg) kumush, Svetlana Saidova (+67 kg) bronza, tennisda Humoyun Sultonov yakkalik dasturida bronza, ushuda Darya Latisheva (nansyuan va nandao) kumush, Saydullo Abdurashitov (56 kg) va Doniyor Turg‘unboyev (75 kg) bronza medaliga ega chiqdi.

Sportchilarimizning bu kabi ulkan muvaffaqiyatlari mamlakatimizda sportni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishni oshirishga qaratilayotgan e’tibor natijasidir. Xalqaro maydonda raqobatbardosh sportchilarni tayyorlash maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, bugun o‘zbek sportchilari dunyo va qit’amizdagi barcha nufuzli sport tadbirlarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Umid qilamizki, sportchilarimiz 2030-yili Qatarning Doha shahrida o‘tkaziladigan XXI Osiyo o‘yinlarida ham bundanda yuksak marralarni zabt etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat)
O‘zA