Oltin koni yuzlab insonlarni domiga tortdi
Markaziy Afrika Respublikasidagi oltin konida yer ko‘chib, 100 dan ziyod odam halok bo‘lgan. Fojia Kamerun chegarasi yaqinidagi Zamboyya konida seshanba kuni yuz bergan.
Qutqaruvchilar hanuz vayrona ostida qolganlarni izlamoqda. Dastlabki taxminga ko‘ra, yer ostida odamlar ishlayotgan bir necha yo‘lak o‘pirilgan. Hodisa guvohlaridan biri vaziyatni “fojiali” deya ta’riflagan.
Hozircha qurbonlar soni noma’lum. Babua shahri rasmiylari yakuniy raqamni aytish qiyinligini bildirgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video lavhada kon yon bag‘ridan ulkan qatlam ajralib, pastga surilgani va odamlarni bosib qolgani aks etgan.
Voqea joyiga yaqin Kamerun hududi rasmiylari ham qutqaruv ishiga ko‘maklashyapti. Sharqiy viloyat rahbari Greguar Mvongo ikki mamlakat mutasaddilari fojia oqibatini bartaraf etish yo‘lida hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA