“Olot” chegara posti xalqaro e’tibor markazida
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, tashqi savdo salohiyati va biznes muhitining raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan chegaralardagi xizmatlar sifati va davlat boshqaruvi samaradorligi bilan baholanadi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yuksak qiziqish bilan kuzatilmoqda.
Ayni kunlarda Jahon bankining “B-Ready (Business Ready)” submilliy tadqiqoti doirasida Buxoro viloyatida joylashgan “Olot” chegara bojxona postida amaliy o‘rganishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadqiqot mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish va davlat xizmatlari sifatini baholashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadqiqot jarayonida xalqaro savdo yo‘nalishidagi bojxona va chegara nazorati amaliyotlari, logistika infratuzilmasining holati, davlat idoralari o‘rtasida axborot almashinuvi tizimi, “Yagona darcha” tamoyilining samaradorligi hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligi atroflicha tahlil qilinmoqda. Bu esa mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi amaliy holatini xalqaro mezonlar asosida baholash imkonini beradi.

Turkmaniston Respublikasi bilan tutash hududda joylashgan “Olot” chegara bojxona postida raqamli texnologiyalarning joriy etilishi, elektron xizmatlar ko‘lami, yuk tashuvchilar va fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar, nazorat jarayonlarining tezkorligi hamda bojxona rasmiylashtiruvining zamonaviy usullari diqqat markazida turibdi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Muratov xorijiy delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv davomida postda qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, xavflarni boshqarish tizimi, elektron deklaratsiyalash mexanizmi, raqamlashtirilgan nazorat usullari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilgan yengilliklar taqdim etildi. Delegatsiya vakillari esa bojxona rasmiylashtiruvining har bir bosqichini bevosita kuzatib, tizimning amaliy samaradorligi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tahlilchilar fikricha, bunday xalqaro baholashlar nafaqat mamlakatdagi mavjud holatni o‘rganish, balki kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlarni belgilashda ham muhim dasturilamal vazifasini o‘taydi. Ayniqsa, tashqi savdo operatsiyalarining tezligi, xarajatlarning kamayishi, inson omilining qisqarishi va raqamli boshqaruvning kengayishi mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi omillardan hisoblanadi.

E’tiborli jihati shundaki, “B-Ready” dasturi avvalgi “Doing Business” baholash tizimining zamonaviy va mukammallashtirilgan shakli sifatida qaralmoqda. Unda nafaqat normativ-huquqiy baza, balki qonunlarning amalda qanday ishlayotgani, tadbirkorlar haqiqatda qanday sharoitlarda faoliyat yuritayotgani ham chuqur o‘rganiladi. Shu bois mazkur tadqiqot natijalari xalqaro investorlar uchun ham muhim axborot manbasi hisoblanadi.
“Olot” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan o‘rganishlar O‘zbekistonning ochiq iqtisodiyot sari qat’iy qadamlar tashlayotganini, davlat xizmatlarida raqamlashtirish jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilganini va biznes uchun yanada qulay muhit yaratish borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom etayotganini namoyon etmoqda.

Joriy yilning 12-iyun kuniga qadar davom etadigan mazkur tadqiqot yakunida berilgan tavsiyalar xalqaro savdo jarayonlarini yanada takomillashtirish, eksport-import operatsiyalarini soddalashtirish, logistika zanjirlarini mustahkamlash hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri