O‘lmas Jamol – ikki xalq kuychisi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida «Do‘stlik» ordeni sohibi, zullisonayn shoir va tarjimon, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘lmas Jamol tavalludining 90 yilligi munosabati bilan chop etilgan «O‘zim dunyo aro dunyo» nomli saylanma kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘lmas Jamol ijodi, samarali faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
– Shunday adabiy anjumanlar, she’riyat kechalari bardavom bo‘lsin,– dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bu diydorlashuvga juda uzoq yo‘l yurib keldik. Bunday anjumanlar Prezidentimizning adabiyotsevarligi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi siyosatining natijasidir. Azaldan shu yo‘lda zahmat chekkan ijodkorlar borki, ular bu kunlarni umr bo‘yi orzu qilganlar. Talabalik yillarimizda Dushanbe shahriga ham gazetaga jurnalistik mahorat oshirish uchun borganmiz. Mehribon ustozlar orasida O‘lmas Jamol ham bor edilar.
– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birga ko‘plab adabiy anjumanlarni birgalikda o‘tkazib kelmoqdamiz, – dedi «Vatandosh» jamoat fondi rahbari Odiljon Sattorov. – O‘lmas Jamol tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni ham Dushanbe shahri, Tojikistonning bir qator viloyatlarida birgalikda o‘tkazdik. Bu kabi adabiy anjumanlar xalqlarimiz qardoshligining yana bir amaliy ifodasidir.
– O‘lmas Jamol she’riyati muhtashamligi, ma’no-mazmuni bilan o‘quvchilar e’tiborini tortadi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Uning g‘azallari xalqimizning Sherali Jo‘rayevdek betakror hofizlari, yetuk san’atkorlari tomonidan kuyga solingan. Ushbu qo‘shiqlar bugungi kunda xalqimizning bebaho ko‘ngil mulkiga aylangan.
Ma’lumki, O‘lmas Jamol 1934 yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan. Dastlabki she’rlar to‘plami – «Mehr bulog‘i» nomli kitobi shoirning 25 yoshida chop etilgan. Keyinchalik O‘lmas Jamolning o‘nlab kitoblari Dushanbe va Toshkentdagi nashriyotlarda chiqqan. O‘lmas Jamol o‘zbek adabiyotida g‘azal janrini qaytadan jonlantirgan ijodkorlardan sanaladi. U umri davomida o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlikni baralla tarannum etdi. Ikki tilda samarali ijod qildi. Asarlarida ikki qardosh xalqning abadiy do‘stligi, hamjihatligini ulug‘ladi.
O‘lmas Jamol jurnalistika sohasida ham samarali ijod qildi. Uzoq yillar davomida Dushanbeda chop etiladigan «Xalq ovozi» gazetasida faoliyat ko‘rsatdi. U o‘zbek adabiyotining Tojikistondagi ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri edi. Shoir yaratgan «Surur», «Masrur», «Manzur», «Ma’mur»dan iborat to‘rt devon uning eng sara asarlarini o‘z ichiga oladi. Mirzo Tursunzoda, Boqi Rahimzoda, Mo‘min Qanoat, Loyiq Sherali, Qutbi Kirom, Gulnazar Keldi, Gulruxsor, Asqar Hakim, Mehmon Baxtiy, Kamol Nasrullo va boshqa tojik shoirlarining she’rlarini mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girib, tarjimonlikda ham o‘z salohiyatini namoyon etdi.
O‘lmas Jamol ijodi O‘zbekistonda ham e’tirof va ehtiromga sazovor bo‘lgan. Xususan, O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Jamol Kamol kabi qalamkashlar tomonidan yuksak baholangan. U «Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni, «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan edi. Shuningdek, Abulqosim Lohutiy nomidagi mukofotga ham munosib topilgan. Aytish kerakki, O‘lmas Jamol tavalludining 90 yilligi mamlakatimiz hamda Tojikistonda keng nishonlanmoqda.
Aytish kerakki, «O‘zim dunyo aro dunyo» nomli saylanma kitobi «Vatandoshlar» jamoat fondi homiyligida nashr etilgan bo‘lib, unda O‘lmas Jamolning Vatan, do‘stlik, mehr-oqibat, beg‘ubor insoniy tuyg‘ular tarannum etilgan she’rlari o‘rin olgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri