Oliy ta’limga e’tiborning yangi bosqichi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi barcha vatandoshlarimiz qatori, ta’lim vakili sifatida meni ham ruhlantirdi.
Davlatimiz rahbarining ushbu Murojaatnomasida ta’lim tarbiya va ilm-fan sohasini rivojlantirish, oliy ta’lim tizimidagi islohotlarni faol davom ettirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida bildirilgan fikrlar bugungi kunda istiqbolli, zamonaviy kadrlar tayyorlashdagi dolzarb muammolarni hal etishga xizmat qiladi.
2021 yildan oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari sonini kamida 25 foizga yetkazilishi va ehtiyojmand oilalar qizlari uchun davlat grantlarini 2 barobarga ko‘paytirilishi ertangi kun egalari bo‘lmish bilimli yoshlarni har jihatdan rag‘batlantirish, ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda munosib o‘rinlarni egallashlariga yanada kengroq imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, akademik litsey va texnikumlarni oliy ta’lim muassasalariga biriktirilishi, texnikumlar bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlanishi maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini rivojlanishida hamda ta’lim sifatini oshishida alohida ahamiyatga ega. Yurtboshimizning bu boradagi tashabbusiga labbay, deb javob berish va hayotga to‘laqonli tadbiq etish har bir ta’lim muassasasi vakilining sharafli burchiga, faoliyat mazmuniga aylanishi lozim.
Dotsent va professor ilmiy unvonlari hamda falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolatini yetakchi oliy ta’lim muassasalar ilmiy kengashlariga berilishi har bir pedagog va tadqiqotchilarga yangi imkoniyat eshiklarini ochib beradi.
2021 yildan yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni hal qilishda mustaqillik berilishi kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirishga, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida erkin raqobat muhitini rivojlantirishga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy oliy o‘quv yurtlarimagistrva doktorantlarni yuborish kvotasini 5 barobarga oshirilishi ilm yo‘lini tanlagan yosh tadqiqotchilarga munosib shart-sharoitlar yaratib beradi, ularni zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi va ilmiy salohiyatlarini oshirishda munosib rag‘bat bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Murojatnoma jamiyatimiz hayotidagi barcha jabhalar bilan birga, ilm-fan va ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga o‘ziga xos omil bo‘lib xizmat qiladi.
Odiljon Mamatkarimov,
Namangan muhandislik-texnologiya
instituti rektori, fizika-matematika fanlari doktori, professor.