Oliy ta’limda sifatni ta’minlashni mustahkamlash masalalari tahlil etildi
Biznes ta’limi an’anaviy akademik ta’limdan bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning asosiy maqsadi nafaqat bilim berish, balki bozorda qo‘llaniladigan real ko‘nikmalarni shakllantirishdir.
Poytaxtimizda Association of MBAs &Business Graduates Association – AMBA & BGA (Biznes boshqaruvi hamda menejment va Biznes ta’lim yo‘nalishi assotsiatsiyasi) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston oliy ta’limida sifatni ta’minlashni mustahkamlash:AMBA & BGA tajribalari” mavzusida xalqaro seminar trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar ishida oliy ta’lim tashkilotlari rahbar vakillari va ta’lim sifatini ta’minlashga mas’ul xodimlar, akademik yetakchilar va xalqaro ekspertlar qatnashdi.
Tadbirda e’tirof etilganidek, mazkur seminar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash, xalqaro akkreditatsiya standartlarini joriy etish hamda biznes ta’limini rivojlantirishga qaratilgan muhim platforma sanaladi.
Seminar doirasida biznes yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’limda sifatni ta’minlash, ta’lim dasturlarini AMBA & BGA talablari asosida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari haqida tushuncha, oliygohlar uchun institutsional rivojlanish strategiyalari, ta’lim dasturlarini global standartlar va mehnat bozori talablariga moslashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Ishtirokchilar xalqaro ekspertlar bilan bevosita muloqot qilish va biznes ta’limidagi so‘nggi o‘zgarishlar va talablar haqida fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Kun davomida bir necha sessiyalar tashkil etilib, ular doirasida xalqaro tajribalar, Britaniya biznes maktablari bilan hamkorlik, ta’limda sifatni ta’minlash mexanizmlari hamda innovatsion yondashuvlar muhokama etildi. Xususan, Biznes boshqaruvi hamda menejment va Biznes ta’lim yo‘nalishi assotsiatsiyasining yetakchi mutaxassislari, boshqa bir qator yetakchi ekspertlar o‘z taqdimotlari bilan qatnashib, interfaol savol-javoblar, davra suhbatlari va muhokamalar o‘tkazildi.
Shu bilan birga tadbir doirasida Biznes boshqaruvi hamda menejment va Biznes ta’lim yo‘nalishi assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlariga sertifikatlar ham topshirildi. Ushbu jarayon O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro darajada e’tirof etilishida muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
[gallery-28737]
Aytish kerakki, AMBA & BGA dunyodagi eng yetakchi xalqaro akkreditatsiya tashkilotlaridan biri bo‘lib, u biznes boshqaruvi va menejment sohasida ta’lim sifatini oshirish, MBA (biznes boshqaruvi va menejment) dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda oliy ta’lim tashkilotlarini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Tashkilot global miqyosda eng nufuzli akkreditatsiya tuzilmalaridan biri sifatida tan olingan.
Mazkur seminar-trening O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va xorijiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
F.Abdurasulov (suratlar), O‘zA muxbirlari