OLIS VA CHEKKA HUDUDLARDA BAYRAM KAYFIYATI
Ayni kunlarda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi oldidan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan anklav hudud hisoblangan So‘x tumani va Farg‘ona tumanining Shohimardon va Yordon qishloqlarida shunday tadbirlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Yordon qishlog‘idagi 2-maktabda yoshlar bilan muloqot tashkil etildi. Mazkur maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Nargizaxon Ortiqovaning tayyorlagan dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, ijodkor o‘quvchilarning ona-vatan, tinchlik haqidagi she’rlari dillarga shukuh ulashdi.Iste’dodli o‘quvchilar, sportchi yoshlar va ularning murabbiylariga esdalik sovg‘alari, kitoblar to‘plamlari sovg‘a qilindi.

Shuningdek, viloyat pulmonologiya shifoxonasida, “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inida, Shohimardon qishlog‘idagi amfiteatrda tashkil etilgan uchrashuvlarda istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar natijasi, bunyodkorlik ishlarining maqsad-muddaosi aynan inson qadri uchun, xalqimiz farovon hayoti uchun qaratilgani bir ovozdan ta’kidlandi. Birdamlik va bag‘rikenglik, Vatan va ona yurtni madh etuvchi she’rlar g‘azallarga, kuylar qo‘shiqlarga ulandi.

— Shukronalikda hikmat ko‘p, -deydi mehnat faxriysi Abdurahmon ota Shokirov.-bugungi tinch, farovon kunlarning qadrlashimiz, yurt rivoji uchun barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Mana bunday uchrashuvlarni xalqimiz juda sog‘ingan ekan. Barchamiz ijodkorlar, san’atkorlarning dasturidan bahramand bo‘ldik.

Mazkur uchrashuvlar viloyatning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Ular qalbida yurt ishiga kamarbastalik, istiqlolimizni mustahkamlash va Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘ularini yuksaltirishga turtki bo‘ldi.
M. Sulaymonov, O‘zA