Olis ovullarda tibbiy xizmat sifati yaxshilanmoqda
Navoiy viloyatining Konimex tumanida ikkita oilaviy shifokorlik punkti ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Yangig‘azg‘on” oilaviy shifokorlik punkti tuman markazidan 110 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Fidokor, Dongelek, Paxtakor va Yangig‘azg‘on ovullarida istiqomat qiluvchi aholiga birlamchi tibbiy sanitariya xizmatini ko‘rsatadi.

– Ovullarimizda 3540 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi ovul fuqarolar yig‘ini raisi Baxit Uzakov, – Yaqinda ovulimizda joylashgan ushbu muassasa “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 950 million so‘m evaziga kapital ta’mirdan chiqarildi. Xalqimizning salomatligini saqlash yo‘lida xizmat qiluvchi tibbiyot maskaniga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, suv isitish moslamalari o‘rnatildi. Yangidan ayvonlar qurildi, binoning tom qismi to‘liq almashtirildi. Aholi salomatligini saqlash va salomatligini nazorat qilish maqsadida bir qator yangi jihozlar olib kelindi. Endi aholimiz o‘z salomatligini tekshirtirish uchun uzoq masofalarga bormasdan shu yerning o‘zida tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Guliston va Yuksalish mahallalarida istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi “Telemen” oilaviy shifokorlik punktining yangidan ta’mirlangan binosi ham foydalanishga topshirildi.
Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ushbu oilaviy shifokorlik punkti 2705 nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Mazkur muassasaning kapital ta’mirlash ishlari “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 632 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirildi.

Tibbiyot maskanida shifokorlar va tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri