Olis hududlarda yangi kutubxonalar ish boshladi
Bobokalonimiz Alisher Navoiyning 583 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi yana bir ma’rifiy tashabbusni boshlab berdi.
Vazirlik tomonidan respublika bo‘yicha tuman va shaharlardagi 4-sektorda joylashgan mahallalarda yoshlar uchun kutubxonalar tashkil etish loyihasiga start berildi.
Mamlakatimizda yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni orttirish va intellektual salohiyatini oshirishga bo‘lgan intilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan loyiha doirasida Prezident asarlari, o‘zbek adabiyoti durdonalari, jahon adabiyoti, huquqiy va bolalar adabiyotiga oid 100 turdan ortiq kitob to‘plamlari mahallalarga yuborildi.
Loyihada Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, bugun boshqarma rahbariyati viloyatning Mirishkor tumanidagi olis Pomuq shaharchasi Yangiqishloq mahallasida qad rostlagan yangi kutubxona ochilishida ishtirok etdi.
Boshqarma jamoasi nomidan mahalla kutubxonasiga 400 dan ortiq badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.
Kutubxonada aholi, ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Kutubxonaning ochilish marosimida taniqli xonandalar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri