“Olimpiya shaharchasi”da taekvondoning jozibasi namoyish etildi
Bugun, 11-aprel kuni poytaxtimiz Toshkentda taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati doirasida yuzdan ziyod davlatlarning sport mutasaddilari ishtirokida Butunjahon taekvondo tashkiloti (World Taekwondo)ning Bosh assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda ushbu sport targ‘ibotiga bag‘ishlangan fleshmob o‘tkazildi.

Unda yurtimiz taekvondochilari qatorida chet ellik sportchilar, xususan, Janubiy koreyalik mahoratli taekvondochilar ko‘rgazmali chiqishlarni amalga oshirdi. Ushbu sport turining chiroyli usullari orqali uning jozibasi ko‘rsatildi.
Tomoshabinlarga unutilmas taassurotlarni bag‘ishlagan tadbir davomida sportchilar taekvondoning chiroyli sport texnikasi va kombinatsion mashqlarini ijro etib, o‘z mahoratini namoyish etishdi. Yorqin chiqishlar musobaqa oldidan sportchilarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

Fleshmob doirasida 2025-yilgi sport faoliyatida yutuqlarga yurishgan hududiy bo‘limlar taqdirlandi. Yosh sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, XV Jahon chempionati musobaqalari 12-17-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA