Olimpiya qadriyatlari va tinchlik forumi o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV jahon chempionati davom etmoqda.
Jahon chempionati doirasida “2-Olimpizm va tinchlik forumi”ning ikkinchi qismi tashkil etildi. Forumda O‘zbekiston Milliy universiteti hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavr va magistr talabalari ishtirok etib, sport qadriyatlari, global rivojlanish hamda sport iqtisodiyotining zamonaviy tendensiyalari bo‘yicha muhokamalarda qatnashdi.

Shuningdek, ishtirokchilarga sport menejmenti, huquq va iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi yangi imkoniyatlar hamda tajribalar taqdim etildi. Interaktiv sessiyalar davomida mutaxassislar tinchlikning xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi o‘rni, sport iqtisodiyotining rivojlanish bosqichlari hamda yirik sport tadbirlarini BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Olimpiya qadriyatlari va tinchlikka bag‘ishlangan forum Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti doktor Chungvon Choyning asosiy ma’ruzasi bilan yakunlandi. U o‘z chiqishida sportning insonparvarlik tashabbuslarini rivojlantirishdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA