Olimpiada g‘olibi universitet talabasiga aylanadi
Qarshi davlat universitetida umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan olimpiadaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda kimyo, biologiya va fizika fanlaridan olimpiadaning quyi bosqichlarida 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan jami 135 nafar umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari qatnashdi.

– Prezidentimizning 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda 2021 yil 19 martdagi “Fizika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari ijrosi doirasi tashkil etilgan olimpiada o‘quvchilarning kelajak uchun dadil qadam tashlashiga motivatsiya bo‘ldi, – deydi Qarshi davlat universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N.Xolmirzayev. – Olimpiadaning viloyat bosqichida har bir fandan eng yuqori ball to‘plagan 10 nafardan ishtirokchiga oliy ta’lim muassasasi bosqichida ishtirok etish huquqi berildi. 10 nafar ishtirokchilar ichidan 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilar Qarshi davlat universitetiga shartnoma asosida (shartnoma to‘lovlari universitet hisobidan amalga oshiriladi) o‘qishga tavsiya etiladi.

Olimpiadaning viloyat bosqichi ikki tur doirasida tashkil qilindi. Birinchi tur yozma ish shaklida o‘tkazilib, 5 ta topshiriq berildi va har bir topshiriq javoblari maksimal 10 balldan baholandi. Ikkinchi tur amaliy (laboratoriya) ish shaklida o‘tkazilib, bitta topshiriq berildi va maksimal 50 ball bilan baholandi. Jami 2 tur uchun to‘g‘ri javoblar maksimal 100 ballni tashkil qildi. Olimpiadaning universitet bosqichi 28 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA