OKMK: mehnatidan sharaf topganlar
Mamlakatimizda aprel oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan joriy yilning 7-aprel kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining geologiya sohasi vakillarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari S.Shermatov geologlarning kombinat ishlab chiqarish zanjirida muhim ahamiyat kasb etishini, so‘nggi yillarda soha vakillariga qaratilayotgan e’tibor bois geologiya sohasi rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, aynan geologlarning boy ish tajribasi va bilimlari bilan mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga hissa qo‘shadigan yangidan-yangi istiqbolli konlar ochilayotgani aytilib, soha vakillariga samimiy tilaklar bildirildi. Sana munosabati bilan OKMK boshqaruv raisi A.Xursanovning buyrug‘iga ko‘ra, 14 nafar soha vakillariga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.


Besh nafar kombinat geologiya sohasi vakillariga esa O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon va geologiya vazirligining faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, tadbir davomida “Eng yaxshi geologiya xizmati xodimlari – 2025” kasb mahorati tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan 27 nafar geologlar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.


Bugungi kunda Resurslar va tog‘-kon ishlari departamentining geologiya bo‘limi, Qalmoqqir, Chodak kon boshqarmasi, Yoshlik-1 koni, Angren, Xondiza kon boshqarmasi, Kovuldi koni, Shaxta qurilish boshqarmasi, Ohak zavodi kabi tarkibiy korxonalarda geologlar o‘z xizmat faoliyatini olib bormoqda.
A.Musayev, O‘zA