OKMK: mahalliylashtirish dasturi amalda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mahalliylashtirish dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilda kombinatda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 137 loyiha asosida 321,7 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturiga qo‘shimcha ravishda 10 ta 36,1 milliard so‘mlik yangi loyihalar kiritilib, loyihalar soni 147 tani, prognoz ko‘rsatkichi 357,8 milliard so‘mni tashkil etdi.

Dastur doirasida yanvar-sentyabr oylarida 145 ta loyiha bo‘yicha amalda 308,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja (266,5 mlrd so‘m) 115,6 foizga bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 138,3 foiz bo‘ldi. Import o‘rnini bosish samaradorligi 26,7 million dollarga yetkazildi.

9 oylik rejaga kiritilgan yangi loyihalar bo‘yicha 72,7 milliard so‘mlik (prognoz 61,8 mlrd so‘m) mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi. Jumladan, har xil turdagi nasoslar uchun ehtiyot qismlar, misdan novalar, stropalar, palladiy metali, shaxta elektrovozlariga ehtiyot qismlar, molibden va volfram tuzlari, yuqori haroratga chidamli keramik mahsulotlar, volfram karbidi, shamot g‘ishtlari, sferali sharli tayanchlar, flotamashinalar uchun ehtiyot qismlar”, ferromolibden, geopanjaralar, polimer mahsulotlaridan futerovkalar kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda o‘zlashtirilishi belgilangan yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kombinat tomonidan avval import qilingan mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar tashkil etilgan. Bularga misol qilib “Olmaliq quyuv mexanika zavodi” MCHJni keltirsak bo‘ladi. Ushbu korxonada qiymati 25 million dollarlik loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish hajmi 300 milliard so‘mlik 40 turdan ziyod qo‘yma mahsulotlarni o‘zlashtirish ishlari boshlandi. Hozirda asbob-uskunalarni o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya bilan tashkil etilgan “Deutsche innovationen Technologie AGMK” QK MCHJ tomonidan turli geokompozit, polimer va stekloplastik, truba va baklar mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Germaniyaning “Falk Porsche Technik” GmbH va “AVM” kompaniyalari bilan umumiy loyiha qiymati 22,2 million dollar bo‘lgan loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga kombinat tomonidan 2024 yildan boshlab Germaniyaning “Fiberpipe”, “MENZEL” kompaniyalari bilan hamda Xitoyning ) “Huigong Machinery Group” kompainyasi bilan hamkorlik umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan bir qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida: OKMK mahalliylashtirish dasturi ijrosi asosan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Rux zavodi hamda Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi kabi tarkibiy bo‘linmalarda amalga oshiriladi.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA