“Oilamiz — kelajagimiz” oyligi o‘tkazilmoqda
Joriy yilning may oyida “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi o‘tkazilyapti. Mazkur oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribasini ommalashtirish, yoshlarni oilaviy hayotga mas’uliyat bilan tayyorlash, mahalla va jamiyatda oila muqaddasligiga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirishdan iborat.
15-may - Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlod ongida sog‘lom oila, mas’uliyatli ota-onalik va o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-apreldagi tegishli majlis bayonida Xalqaro oila kunini keng nishonlash hamda may oyi davomida “Oilamiz - kelajagimiz” oyligini yuqori saviyada o‘tkazish belgilangan.
Ushbu tadbirlarda, avvalo, ibratli oilalar tajribasini keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi. Yosh avlodga oila faqat shaxsiy hayot masalasi emas, balki jamiyat oldidagi mas’uliyat, kelajak avlod taqdiriga daxldor muqaddas qadriyat ekani turli tadbirlar orqali keng tushuntiriladi.
Oylik doirasida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Tanlov doirasida oilalarning hayotiy tajribasi, farzand tarbiyasiga yondashuvi, oiladagi ma’naviy muhit, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat an’analari keng yoritiladi.
Jumladan, oilaviy hayotda sadoqat, o‘zaro hurmat, farzand tarbiyasida mas’uliyat, mahalla va jamoat ishlarida faollik, milliy qadriyatlarga sodiqlik kabi fazilatlari bilan namuna bo‘layotgan oilalarni “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimlari o‘tkaziladi. Aytish kerakki, 2025-yilda 2000 ta oila “Ibratli oila” ko‘rak nishoniga munosib ko‘rildi.
Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularda sog‘lom oilaviy muhit, mas’uliyatli ota-onalik, o‘zaro ishonch va mehr-oqibat tamoyillarini mustahkamlash maqsadida “Eng namunali yosh oila” tanlovi o‘tkaziladi.
Oylik davomida “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiy oilalari” ko‘rik-tanlovini tashkil etish ham belgilangan. Ushbu tashabbus Vatan himoyachilari oilalaridagi fidoyilik, sabr-matonat va ibratli tarbiya muhitini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Anjumanda oila institutini mustahkamlash, zamonaviy oila modelini shakllantirish, milliy qadriyatlar va ilmiy yondashuvlar uyg‘unligini ta’minlash, shuningdek, oilaviy munosabatlarda barqarorlik va farovonlikni oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Oylik doirasida “Bilimli ayol – mustahkam oila garovi” shiori ostida xotin-qizlarni ta’limga keng jalb etishga qaratilgan tadbirlar, “Oila — muqaddas qo‘rg‘on”, “Oilaviy an’analar — ma’naviy meros”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Farzand tarbiyasi — kelajak poydevori”, “Oilada sog‘lom muhit va o‘zaro hurmat” kabi mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy muloqotlar o‘tkaziladi. Ta’lim muassasalarida yoshlar bilan oilaga tayyorgarlik, mas’uliyatli nikoh, oilada o‘zaro ishonch va hurmat, ota-onalik burchi, milliy qadriyatlar va zamonaviy hayot uyg‘unligi haqida ochiq muloqotlar tashkil etiladi.
Mahallalarda esa “Ahil oila kunlari” doirasida oilaviy ajrim bilan bog‘liq muammolarni barvaqt aniqlash, nizoli oilalar bilan individual ishlash, huquqiy, psixologik, tibbiy va pedagogik maslahatlar berish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkaziladi.
Muzeylar, madaniy maskanlar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga oilaviy sayohatlar uyushtirish, “Oilaviy hunarmandchilik”, “Avlodlar davomiyligi”, “Oilada milliy an’analar”, “Qadriyatlar — oila bezagi” kabi mavzularda ko‘rgazmalar tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, xotin-qizlar va onalarning ma’naviy-ma’rifiy faolligini oshirish maqsadida “Kitobxon onalar kuni” loyihasi doirasida kitobxonlik tadbirlari, oilaviy mutolaa kechalari, onalar va qizlar ishtirokida adabiy uchrashuvlar tashkil etiladi.
N.Usmonova,
O‘zA