Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar o‘rganildi
Bosh prokuraturada Germaniyaning Xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) ko‘magida xotin-qizlarga nisbatan jinoyatlarga qarshi kurashish va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari xodimlarining malakasini oshirish, xotin-qizlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar hamda oiladagi zo‘ravonlik holatlarini tergov qilish usullarini takomillashtirish, shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribani milliy sud-tergov amaliyotiga joriy etishga qaratildi.
Seminarda Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Milliy gvardiyaning mas’ul xodimlari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xalqaro ekspertlar va IRZ jamg‘armasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar hamda ilg‘or tajribalarni muhokama qildi. Ixtisoslashtirilgan xodimlarni tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Huquqni muhofaza qilish akademiyasining o‘quv modullarini takomillashtirish hamda sud-tergov amaliyotida qo‘llash maqsadida tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA