“Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...”
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “El-yurt hurmati” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, atoqli shoir, yozuvchi Hamid G‘ulom yurtimiz istiqlolga erishgan farahli kunlar istiqlol farzandlari – yoshlarga qarata ichki bir “o‘kinch”, “armon” bilan “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi...” deya yozgan edi.
Hamid G‘ulom ijodi, mehnat faoliyati bilan xalqimiz ma’naviy hayoti yuksalishida o‘z ulushini qo‘sha olgan adiblar sirasiga kiradi.
U 1919 yilning 25 aprelida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1958 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, keyinroq G‘afur G‘ulom nashriyotining direktori lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Adibning o‘nlab she’riy, nasriy asarlari – romanlari o‘quvchilar qalbidan joy olgan.
Pushkinning “Boqchasaroy fontani” va “Tosh mehmon”, Vilyam Shekspirning “O‘n ikki mehmon”, Lope de Veganing “Qo‘y chashmasi” kabi asarlari Hamid G‘ulom tomonidan o‘zbek tiliga ag‘darilgan.
Adib 2005 yilning 21 avgustida Toshkent shahrida vafot etgan.
DAVRON
Yoshlikdagiday soz uraver, yurak,
Men hali ko‘p yillar yashashim kerak.
Sababki, chin davron endi boshlandi,
Xalqimga sharaf-shon endi boshlandi.
Ezgu maqsadim: el kamolin ko‘ray,
Yurtimning beqiyos jamolin ko‘ray.
O‘n ikki yil, faqat, Istiqlol tongi,
Mangulikka tutash baxt-iqbol tongi.
Belni mahkam bog‘lab, kim shimarsa yeng,
Unga saodat yor, unga olam keng.
Kimki, O‘zbekiston desa – tilda bol,
Ko‘ksini tog‘ qadar ko‘tarar iqbol.
Ming fazilat bergan Alloh insonga,
Ham oddiy fuqaro va ham Sultonga.
Shu ming fazilatning toji Vafodir,
Xalqim, sen ulug‘san, sen bunga qodir.
Sadoqat – boshingda nurli quyoshing,
Mudom hikmat bo‘lgan dilda yo‘ldoshing.
Alloh umr bersin har bir odamga,
Har bir odam kelgach, nurli olamga.
Ishq, vafo umrbod yo‘ldoshi bo‘lsin,
Erk – boshida nurli quyoshi bo‘lsin.
Erk g‘oyasi bo‘lgan xalq farzandiman,
Navoiysi bo‘lgan xalq farzandiman.
Xalq ulug‘, xalq jo‘shqin daryoi azim,
Xalq shonli darg‘aga qiladi ta’zim.
Alqissa, maqsadim: umr ko‘rayin,
Alodim safida men ham yurayin.
Sababki chin davron endi boshlandi,
Xalqimga sharaf-shon endi boshlandi.
1991
O‘zA