Odil sudlov sifatini oshirish –muhim masala
Termizda sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sudlarida xizmat qilayotgan sudyalar va sud xodimlari ishtirok etgan tadbirda Oliy sud raisining o‘rinbosari Xalilillo To‘raxo‘jayev, viloyat sudi raisi Abulqosim Ro‘ziqulov va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlab, odil sudlov sifatini oshirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatda sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning 2023– 2026 yillarga mo‘ljallangan qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlanib, odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari belgilangan. Shuningdek, uni amalga oshirishning harakatlar dasturi ham tasdiqlangan.
Shunga muvofiq sohada “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish, uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga qaratish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali fuqarolar va tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ularga o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda ishonchli himoya qilishi uchun barcha imkoniyat yaratilayotir. Sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli amalga oshirish uchun sudlarning xolisligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik takomillashtirilmoqda. Sudya va sud xodimlari uchun yetarli imkoniyat va ijtimoiy kafolat yaratilib, ish sharoitlarini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilanmoqda.

—Salohiyatli, har tomonlama malakali sud kadrlarining shakllanishi, sudlarda fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi, —deydi Oliy sud apparat rahbari Abduxalim Xolmaxmatov. —Shu ma’noda sohada faoliyat yuritayotgan sudya va xodimlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish, malakasini oshirish, umuman, kadrlar sifatini yanada yaxshilashni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Ayni paytda bu borada ham muayyan ishlar olib borilayotir.
Uchrashuvda yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmaga ega kadrlar bilan sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishdek ezgu maqsadlarga erishish mumkinligi qayd etildi. Sud idorasiga adolat istab kelgan inson, eng avvalo, o‘zining qanday qabul qilinganiga, u bilan bo‘ladigan muloqotning samimiyligiga qarab, sud tizimiga bo‘lgan munosabatini shakllantirishi, buning uchun endilikda har bir sudya va xodim kasbiy odob-axloq qoidalariga qatiy rioya etib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi, mazkur jarayonda ta’magirlik, korrupsiya kabi illatlarga qo‘l urmasligi lozimligi xususida ham atroflicha fikr almashildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri