"Odamlardan tinglab hikoya" kitobi ozarbayjon tilida
Taniqli yozuvchi, ustoz ijodkor Xayriddin Sultonning "Odamlardan tinglab hikoya" kitobi ozarbayjon tiliga tarjima qilindi.
Mazkur to‘plam Boku davlat universiteti professori, adabiyotshunos olim, "Do‘stlik" ordeni sohibi Ramiz Asker tomonidan ozarbayjon tiliga o‘girilgan.
Aytish joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon ijodkorlari o‘rtasidagi adabiy hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Ikki xalq yozuvchi va shoirlarining ijod namunalarini tarjima qilish, o‘rganish, nashr etish, targ‘ib qilish qamrovi tobora kengaydi.

Yozuvchi Xayriddin Sultonning "Odamlardan tinglab hikoya" to‘plami hayotiy voqealar, hamyurtlarimizning turmushi, kechmishlari o‘zlari aytib bergan voqeliklarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
Adibning o‘ttiz bitta hikoyasi jamlangan mazkur kitobga O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid so‘zboshi yozgan. Ushbu to‘plamdan o‘rin olgan hikoyalar biri boshqasini takrorlamasligi, biri biriga o‘xshamaydigan yorqin xarakterlar, qahramonlarning ichki dunyosi, qalb tug‘yonlari ularning bevosita o‘z tili, o‘z nutqi orqali ochib berilgani bilan diqqatga sazovordir. Bu esa yozuvchining bir qarashda juda oddiy, sodda bo‘lib tuyuladigan, lekin aslida g‘oyat murakkab bir ijodiy uslubni tanlab ish ko‘rganidan darak beradi.
Shuni ham aytish kerakki, ozarbayjonlik Ramiz muallim milliy adabiyotimizni o‘z yurtida faol targ‘ib etib kelayotgan jonkuyar ziyolilardan sanaladi. Ramiz Asker Alisher Navoiyning beshta devondan iborat "Xamsa"si, Husayn Boyqaroning devoni, "Boburnoma" va Bobur devoni tarjimonidir.
N.Usmonova, O‘zA