Odamlar ishonchini qozona olgan kompaniya
Xalqimizning “Oltin olma, duo ol” degan hikmatli so‘zlari necha asrlar avval aytilgan bilmadigu, jizzaxlik Akmaljon ota bir umr farzandlarini shu aqida bilan tarbiyaladi. Ularning biri Behzodjon Mamatqulov “VMV holding” kompaniyasiga asos soldi. VMVni tanishtirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Avvalambor, uning yuzlab gektar maydonlarida yetishtirilayotgan za’faron Yevropa, Osiyo bozorlaridan xaridorini topa oldi. Bu, albatta, alohida mavzu va hozir u haqida so‘z yuritmoqchi emasmiz.
Bugun, mamlakat mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida Arnasoy tumanining eng chekka qishlog‘i – Cho‘lquvarda erta tongdan karnay-surnay sadolari yangradi. Qishloq ahli hamjihatlikda yig‘ildi. Davlatimiz barqarorligi, xalq farovonligini tilab duo-fotihalar qilindi. Hammaning chehrasida quvonch. Quvonmay bo‘ladimi, axir, Prezident qo‘llab turgan tadbirkorlarning biri tashabbusi bilan Cho‘lquvar qishlog‘i aholisining orzusi amalga oshdi – qishloqda bozor qurildi.


Muxbir uka, shunga shunchami, deyishga shoshmang. Birinchidan, bu “VMV holding”ning o‘nlab ijtimoiy loyihalaridan biri, xolos. Ikkinchidan, tuman markazidan 60 kilometr uzoqdagi qishloqning 7 ming aholisi orzusi edi bu.
– Bozorni qurib berdi bizga. Xalqimiz Arnasoyga, Do‘stlikka, Gagaringa, Jizzaxga borar edi. Kuniga 50-60 ming so‘m yo‘lga sarflardi. Bozor ochilgach, bu tashvishdan qutildik, – deydi qishloq oqsoqoli Pardaboy ota Xaitov. – Bundan bir oy ilgari bu yerlar chuqurlik bo‘lib, odam yura olmas edi. VMV amaliy ishi bilan xalq hurmatini qozondi.


– Yuzdan ortiq savdo rastalari bor. Dehqonchilik mahsulotlaridan tortib kiyim-kechak savdosigacha. Chakana savdodan to ulgurji savdogacha barcha sharoit yaratildi, – deydi “VMV holding” kuzatuv kengashi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Azizbek Xo‘jayev. – Bozor ochilishi bilan birgalikda “BMB AGRO”ning yana bir loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Ya’ni yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash, saralash va chet elga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada bu loyiha ham hududdagi aholini ish bilan ta’minlashga hissasini qo‘shadi.
Cho‘lquvar qishlog‘i ahlining yoshidan-keksasigacha “VMV holding” faoliyati, amalga oshirayotgan ijtimoiy loyihalaridan behad minnatdor.


– Bular juda katta mehnat qilishdi. Qishlog‘imiz odamlari ishlayapti, – deydi Cho‘lquvar qishlog‘i mehnat faxriysi Tog‘aymurod Qo‘shboyev. Ular hali mol bozori ham quramiz, deyishyapti. Biz ularga ishonamiz. Farzandlarim, nabiralarim shu yerda ishlayapti. Bunday insonlar bosh bo‘lib, hali ko‘p obodonchilik ishlari qilishiga ishonaman.
– Behzod akaga katta rahmat. Xalqimiz ishonchiga kirdi. Shu yerning o‘zida hozir 200 ga yaqin qishloqdoshimiz ishlayapti, qozonini qaynatyapti. Ular to‘rt yarim million so‘mdan ish haqi olyapti, – deydi Pardaboy ota.

Odamlarni rozi qilish Prezidentimizning bosh maqsadi. Tadbirkorni qo‘llagan Prezident maqsadini amalga oshirishda biz tadbirkorlar hamisha eng yaqin yordamchimiz, – deydi “VMV holding” kompaniyasi kuzatuv kengashining raisi Behzod Mamatqulov.
Aslida VMV loyihalari Arnasoy tumani qishloq xo‘jaligini yuksaltirmoqda.
– Kompaniya 1200 gektardan ortiq maydonga paxta, g‘alla, dukkakli va poliz mahsulotlari ekib, mamlakat iqtisodiga hissa qo‘shmoqda hamda ularni chet elga eksport qilmoqda, – deydi Azizbek Xo‘jayev.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JJQ8NvGfcMQ" title="Odamlar ishonchini qozona olgan kompaniya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Hosildorlik g‘alladan gektariga 75-80 sentnerga, paxta 35 sentnerga yetdi. Pomidor ekishdi. Bugun Toshkentdan kelib bizdan olib ketishyapti, – deydi qishloq oqsoqoli Pardaboy ota Xaitov. – Bir gektaridan 120 tonna hosil olindi. Bu oldin tushimizga ham kirmagan. Xalq buni ko‘rib- bilib ishonch hosil qildi.
Ha, Arnasoyning Cho‘lquvar qishlog‘ida qurilgan bozor oddiy bozorlardan emas, u odamlar roziligi-yu, ertangi kunga ishonchini mustahkamlovchi rag‘bat maskani bo‘lib qoldi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (curat+video), O‘zA.