Ochiqlik va shaffoflikni davr talab qilmoqda
Namangan muhandislik-texnologiya instituti faollar zalida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish, yuridik xizmat, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari mas’ullari, shahar, tuman hokimliklarining tashkiliy kadrlar guruhi rahbarlari hamda hududiy yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari mutasaddilari ishtirokida profilaktik o‘quv-seminar tashkil etildi.
“Davlat xizmatiga ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash zamon talabi” mavzusidagi mazkur seminar avvalida, filial rahbari Shuhratjon To‘xtaboyev ishga qabul qilishda ishtirokchilardan kompleks yondashuv talab etilishini ta’kidladi.

O‘quv-seminarida Davlat fuqarolik xizmatida mas’ul bo‘linmalarning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va bartaraf etish uslublari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov tashkil qilish, ayrim muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari; mehnatga oid nizolarning sudda ko‘rilishi, korrupsiyani belgilovchi omillar va uning kelib chiqish sabablari; yuridik xizmat xodimlari o‘z faoliyati, xususan, mehnat shartnomalari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazishda qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish kabi mavzularda malakali mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasida davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash tanlov asosida amalga oshirilishi hamda Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilishi belgilangan.

Biroq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan filiali tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va monitoring jarayonlarida davlat organi va tashkilotlari tomonidan tanlov jarayonlarini tashkil etish, o‘tkazish hamda xodimlarni ishga qabul qilishda bir qator qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlangan.
Kelgusida viloyatda korrupsiyaga qarshi doimiy murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni kamaytirishda ishga qabul qilish jarayonlaridagi qonuniylik va mas’uliyatni chuqur his etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida davlat tashkilotiga ishga qabul qilishda seminar ishtirokchilaridan hamkorlikni mustahkamlash va joriy yil davomida viloyatda mazkur yo‘nalishdagi salbiy ko‘rsatkichlarni kamaytirishga kelishib olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA